25 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlandi

3-sahifa

image

Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 25 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mita davlat xaridlari sohasida doimiy monitoring o‘tkazib, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan hududiy organlar orqali ta’sir choralarini ko‘rmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatida elektron maxsus axborot portallari ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan monitoringda umumiy qiymati 1,5 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangan.

Xususan, Arnasoy tuman tibbiyot birlashmasining 588,3 mln so‘mlik autsorsing xizmati, viloyat ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatidagi 6 ta savdoda 333,1 mln so‘mlik tovar-moddiy boyliklar, silga qarshi kurash dispanseridagi 420 mln so‘mlik autsorsing xizmati hamda Do‘stlik tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidagi 183,1 mln so‘mlik qurilish mollari xaridida qonunbuzilishlar qayd etilgan.

Bildirilishicha, ishtirokchilarga asossiz talablar qo‘yilgani va talabgorlar noto‘g‘ri baholangani sababli “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilgan. Mas’ullarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilib, mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan.

Sirdaryo viloyatida esa “Issiqlik elektr tarmoqlari” AJ “Sirdaryo IES” filialida o‘tkazilgan tender savdolari o‘rganilgan. Oqibatda umumiy qiymati 22,5 mlrd so‘mlik savdoda “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi hamda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunning 42, 46 va 61-moddalari talablari buzilgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berilgan.

Farg‘ona viloyatida esa Marg‘ilon shahar Obodonlashtirish boshqarmasida 2025 yil va 2026 yilning yanvar–aprel oylarida o‘tkazilgan, umumiy boshlang‘ich qiymati qariyb 1,2 mlrd so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlash savdolarida raqobat qonunchiligi talablari buzilgani aniqlangan.

Shuningdek, Buvayda tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasida ham 2025 yil va 2026 yilning yanvar–aprel oylarida o‘tkazilgan, umumiy boshlang‘ich qiymati 275 mln so‘mlik savdoda qonunchilik talablariga amal qilinmagani ma’lum bo‘lgan.

Har ikki holat bo‘yicha “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi talablari buzilgani yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan. Mancabdor shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-moddasi 5-qismi asosida ish yuritilib, materiallar ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

“Raqobat qo‘mitasi davlat xaridlari sohasidagi monitoring ishlarini izchil davom ettirib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan qat’iy choralar ko‘rishda davom etadi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘mlik to‘lovlar yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing