50 ming dollar pora bilan ushlangan Mirishkor tumani “zamhokimi”ga hukm o‘qildi

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimining 50 ming AQSH dollari miqdorida  pora olayotganda ushlangan o‘rinbosari U.Ya. 7 yil qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Oliy sud Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 4 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudida sudlanuvchilar U. Ya. (Mirishkor tumani hokimining o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan) va X. B. (Muborak tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, U.Ya. Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima jazosi va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

X.B. Jinoyat kodeksining 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan aybsiz deb topilib, oqlangan. X.B. Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida  jarima jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 213 baravari miqdorida jarima jazosi qoldirilgan.

Ayni paytda birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan mazkur hukm qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, undan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan boshlab, sudlanuvchilar va jabrlanuvchi esa hukm nusxasini olgan kundan boshlab 20 sutka ichida shu sud orqali Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat keltirishga yoki prokuror protest bildirishga haqliligi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevralida Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari U.Ya. tadbirkordan yer ajratib berish evaziga 80 ming AQSH dollari pora talab qilib, shundan 50 ming AQSH dollarini olgan vaqtida jinoyat ustida ushlangan edi. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ayblanuvchi qamoqqa olingan.

Uning ortidan Muborak tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i X.B. U.Ya. bilan oldindan jinoiy til biriktirgani aytilib, u ham tergovga jalb qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

korruptsiya

Baholaganlar

402

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing