50 dan ortiq afg‘on harbiylari O‘zbekistonga qochib o‘tgan — TIV
Jamiyat
−
24 iyun 2021
27526O‘zbekiston Afg‘onistondagi, jumladan, chegaradosh shimoliy viloyatlardagi harbiy-siyosiy vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonoti so‘z boradi.
“Qo‘shni mamlakatda zo‘ravonlikning ortishi chuqur xavotir uyg‘otmoqda. Koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini sharoitida keskinlikning kuchayishi afg‘on xalqi hayotini yanada murakkablashtirmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston ixtilofga aloqador barcha tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga hamda tinch aholi orasida qurbonlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 23 iyun kuni 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tgan.
Xabarga ko‘ra, zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan.
“O‘zbekiston hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etiladi, davlat chegarasini buzganlarga esa eng keskin choralar ko‘riladi”, deyiladi TIV bayonotida.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini asrash, betaraflikni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qilgan.
“O‘zbekiston hukumati birodar afg‘on xalqini har tomonlama iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatish, jumladan, mamlakatda mustahkam va keng qamrovli tinchlik o‘rnatilishiga xizmat qiladigan yirik energetika va transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirish orqali ko‘mak berishda davom etadi”, deya qayd etilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyun kuni toliblarning hujumi oqibatida Afg‘oniston Islom Respublikasining 130 dan ortiq harbiy xizmatchilari Tojikistonga qochib o‘tgandi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari mamlakat shimolida “Tolibon”ga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda. Operatsiya davomida 5 ta tuman ozod qilingan. Jangarilarning qarshi hujumlari qaytarilgan.
Faollashib qolgan “Tolibon”
Tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n kun ichida Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh to‘rt viloyatida hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyun holatiga Afg‘onistonning 50 dan ortiq tumanini egallagan.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida “Tolibon” harakati Afg‘oniston shimolidagi Faryob provinsiyasining Davlat Obod, Qaysar va Ghor provinsiyasining Shahrek hamda Uruzgan provinsiyasining Gizob tumanlarini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida AQSH Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish ishlarini boshlab yubordi. Shu vaqtgacha Amerika o‘z harbiy kontingentining uchdan bir qismini bu mamlakatdan olib chiqib ketdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqib ketish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
LiveBarchasi