5 tup daraxt kesgan fuqaro tabiatga 260 mln so‘m zarar yetkazdi
3-sahifa
−
26 Sentabr
2353Toshkent viloyatida daraxtlarni noqonuniy kesgan fuqaro tabiatga 260 mln so‘m zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi tezkor ekologik nazorat guruhi inspektorlari tomonidan Ohangaron tumani hududida ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Tadbir jarayonida Ohangaron tumani “Toshariq” MFY Istiqbol ko‘chasida yashovchi fuqaro B.D. sog‘lom o‘sish holatidagi 2 tup shotut, 2 tup yong‘oq va 1 tup tol daraxtlarini hech qanday ruxsatnomasiz noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlagani aniqlangan.
Huquqbuzar kesilgan daraxt bo‘laklarini Isuzu rusumli yuk mashinasiga yuklanayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan birga qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan inspektorlar tomonidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirildi. Vazirlar Mahkamasining “Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 464-sonli Qarorining tegishli ilovasiga muvofiq tabiatga yetkazilgan zarar 260 mln so‘mni tashkil etdi. Avtotransport vositasi esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasi tegishli bandiga asosan vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi.
Shuningdek, ish yuzasidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda 4 tup daraxt kesgan fuqaro 27 mln so‘m jarimaga tortilgandi.
LiveBarchasi