“5 mlrd dollar daromaddan quruq qolinyapti”. O‘zbekistonda zarbdor yil e’lon qilindi
Olam
−
29 noyabr 2023
27411O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi. Bu haqda bugun, 29 noyabr kuni Prezident raisligida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida so‘z borgan.
Ma’lumki, O‘zbekistondagi suv resurslarining 20 foizi mamlakatning o‘zida, katta qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib bormoqda. Transchegaraviy daryolarni boshqarish bo‘yicha vaziyat ham jiddiy. Bularning ta’sirida 2030 yilga borib mamlakatdagi suv tanqisligi 15 milliard kub metrga yetishi prognoz qilinyapti.
Shu holatda ham suvdan samarasiz foydalanilyapti. Mamlakatdagi jami suv resursining 90 foizi qishloq xo‘jaligida sarflanyapti. Masalan, bir gektar paxta maydonini sug‘orish uchun yiliga 10-11 ming kubmetr suv sarflangani holda, iqlimi va yeri O‘zbekistonnikiga o‘xshash mamlakatlarda bundan 2-3 baravar kam suv ishlatilyapti. U ham bo‘lsa, suvni to‘g‘ri boshqarish, isrof qilmaslik hisobiga.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda suv xo‘jaligiga har yili o‘rtacha 1 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu soha byudjetdan mablag‘ olish bo‘yicha ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligidan keyin 4-o‘rinda turadi. Ammo tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolgani uchun samara kam.
Yig‘ilishda bu sohadagi muammolar, yangi tashabbus va vazifalar muhokama qilingan. Davlat rahbari bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishini aytgan.
“Bunda birinchi muhim vazifa – kanal va ariqlarni betonlash. Hisob-kitoblarga ko‘ra, betonlanmagan irrigatsiya tarmoqlarida yiliga o‘rtacha 14 milliard kub metr yoki 36 foiz suv hech qanday iqtisodiy samarasiz isrof bo‘lyapti. Eng ko‘p suv yo‘qotishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Navoiy, Xorazm va Buxoro viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Kanallarning oxirida joylashgan 175 ming gektar ekin maydonida suv ta’minoti juda og‘ir.
Umuman, suv yo‘qotishlari oqibatida iqtisodiyotimizda yiliga 5 milliard dollar daromad boy berilyapti”, deb yozgan Prezident Matbuot xizmati.
Shu bois suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil” e’lon qilindi. Kelgusi yilda 1 ming 500 kilometr, ya’ni bu yilgiga nisbatan 4 barobar ko‘p yirik kanallarni betonlash vazifasi belgilandi. 2025 yilda kamida 2 ming kilometrdan kanallarni betonlashga o‘tiladi.
Buning uchun noyabr-mart oylari eng qulay vaqt ekani, loyihasi tayyor kanallarda qurilishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi. Viloyat va tuman hokimlariga bir yil ichida 3 ming 500 kilometr ichki tarmoqlarni beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi. Bundan manfaatdor klaster va fermerlarga maxsus texnika va qurilish materiallaridan yordamlashib, xarajatlarni 2 karra kamaytirish mumkinligi aytildi.
LiveBarchasi