400 ming dollar evaziga o‘zgargan dunyo: 11 sentyabr fojiasining arzon rejasi va qimmat oqibatlari

3-sahifa

Reklama
0:00

Bundan 25 yil avval aynan mana shu sanada AQSHda kunlik o‘lim soni 45 foizga oshgan ya’ni taxminan 9,5–10 ming nafar kishi vafot etgan. Ularning uchdan bir qismi, aniqroq aytadigan bo‘lsak 2 ming 996 nafari bir xil sabab – mamlakat tarixidagi eng yirik terakt oqibatida halok bo‘lgan. Sezganingizdek, bugun o‘sha mash’um 2001 yil 11 sentyabrdagi voqealar haqida gaplashamiz. Chorak asr avval 11 sentyabr sanasida halok bo‘lgan sal kam 3 mingga yaqin insonning hayoti bebaho va bunga hech qanday shubha yo‘q. lekin bugun biz odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan ta’sirli hikoyalarni emas, balki fojianing iqtisodiyot, siyosat, ekologiya, xususan O‘zbekistonga ta’sirini ko‘rib chiqamiz.

11 sentyabr teraktlarining moliyaviy anatomiyasi: Arzon rejaning trillion dollarlik oqibatlari

2001 yil 11 sentyabr voqealarining moliyaviy va iqtisodiy qiyofasi keskin qarama-qarshilikka asoslanadi: bir tomonda atigi yarim million dollarga rejalashtirilgan yashirin terrorchilik hujumi, ikkinchi tomonda esa global iqtisodiyotni uzoq yillar davomida o‘zgartirib yuborgan trillionlab dollarlik vayronagarchilik turadi.

Dunyoni larzaga solgan ushbu hujumning o‘zi “Al-Qoida” tashkilotiga nisbatan juda katta mablag‘ talab qilmagan. AQSH rasmiy tergov komissiyasining hisobotlariga ko‘ra, teraktni tayyorlash va amalga oshirish uchun jami 400 000–500 000 AQSH dollari sarflangan.

Bu mablag‘ning qariyb 300 000 dollari xalqaro bank tarmoqlari, asosan Dubay va Fors ko‘rfazi davlatlari orqali AQSHdagi shaxsiy hisobvaraqlarga o‘tkazilgan. Qolgan mablag‘ esa naqd holda olib kirilgan. Pul dabdabali xarajatlarga emas, oddiy va kundalik ehtiyojlarga: uchuvchilik maktablaridagi o‘qish to‘lovlari, AQSH ichidagi ichki aviachiptalar, yashash xarajatlari, oziq-ovqat va avtomobil ijarasiga sarflangan.

Mablag‘larning nisbatan kichik hajmda bo‘lgani va terrorchilar o‘zlarining haqiqiy shaxsiy pasportlaridan foydalangani sababli, o‘sha davrdagi global bank va moliya tizimi ushbu tranzaksiyalarni shubhali deb topmagan.

Ammo yarim million dollarga yaqin mablag‘ bilan tayyorlangan rejaning narxi shu bilan tugamadi. Uning dastlabki moliyaviy zarbasi Nyu-York shahrining o‘zida sezildi.

Jahon savdo markazi binolarining qulashi va insoniy yo‘qotishlar shaharning iqtisodiy salohiyatiga og‘ir zarba berdi. Nyu-York Federal zahira banki va Hukumat Hisobdorlik boshqarmasi  ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning kelgusidagi taxminiy daromadlari va ish haqi yo‘qotishlari 7,8milliard dollarni tashkil etgan. Bu har bir xodim uchun o‘rtacha 2,8 million dollar degani edi.

Vayron bo‘lgan va shikastlangan binolarni qayta tiklash hamda ularning ichidagi mulklarni qoplash uchun yana 16,4 milliard dollar sarflandi. Quyi Manxettendagi metro, elektr va aloqa tarmoqlarini ta’mirlashga 3,7 milliard dollar talab qilindi. Ground Zero hududidagi vayronalarni tozalash va hududni tartibga keltirish ishlarining o‘ziga esa 1,5 milliard dollar yo‘naltirildi.

Shu tariqa, faqat bevosita moddiy zarar va tozalash xarajatlarining o‘zi 33–36 milliard dollar miqdorida baholandi.

Biroq iqtisodiy zarba faqat vayron bo‘lgan binolar va infratuzilma bilan cheklanib qolmadi. Fojia sug‘urta tizimini ham tarixdagi eng katta sinovlardan biriga duchor qildi. Sug‘urta kompaniyalari jabrlanganlar va mulk egalariga qariyb 34 milliard dollar miqdorida tovon puli to‘lashga majbur bo‘ldi.

Bu esa butun dunyoda sug‘urta stavkalarining keskin oshishiga va risklarni baholash qoidalarining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.
Moliyaviy bozorlar ham zarbani darhol his qildi. Hujumlardan so‘ng, bir hafta davomida yopiq turgan Nyu-York fond birjasi qayta ochilgan ilk kunidayoq o‘z tarixidagi eng keskin pasayishlardan birini boshdan kechirdi. Aviatsiya, turizm va mehmonxona biznesi esa qisqa vaqt ichida milliardlab dollar daromaddan mahrum bo‘ldi.

Olimlar va iqtisodchilarning, jumladan, Janubiy Kaliforniya universiteti va CREATE markazi tadqiqotlariga ko‘ra, AQSH milliy iqtisodiyotidagi qisqa muddatli biznes to‘xtashlari va yo‘qotishlarning o‘zi 35–109 milliard dollarni, ya’ni YAIMning 0,5–1 foizini tashkil etgan.
Ammo eng katta moliyaviy yuk bevosita terakt oqibatlaridan emas, undan keyingi strategik o‘zgarishlardan kelib chiqdi.

AQSH hukumati ichki xavfsizlikni keskin kuchaytirish uchun Milliy xavfsizlik departamentini tuzdi. Aeroportlardagi xavfsizlik nazorati tubdan yangilandi. Terrorizmga qarshi global kurash shiori ostida xalqaro harbiy harakatlar boshlandi. Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar keyingi o‘n yilliklar davomida AQSH бюджети­dan trillionlab dollarlik mablag‘ sarflanishiga olib keldi. Qo‘shma Shtatlar Kongressi Afg‘onistondagi harbiy harakatlar uchun o‘sha paytda 815 milliard dollar, Iroqdagi urush uchun 686 milliard, boshqa xarajatlar uchun 100 milliard dollardan oshiq mablag‘ ajratadi. Shu tariqa 2001-yildan 2014-yilgacha Qo‘shma Shtatlar Afg‘oniston va Iroqda jami bir trillion 600 milliard mablag‘ sarf qiladi. Bu xarajatlar mamlakatning davlat qarzini keskin oshirdi va global iqtisodiyotning rivojlanish vektorini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Shunday qilib, 11-sentyabrning moliyaviy anatomiyasi hayratlanarli bir qarama-qarshilikni namoyon etadi: 400 000–500 000 dollarlik reja ortidan 33–36 milliard dollarlik bevosita zarar, qariyb 34 milliard dollarlik sug‘urta to‘lovlari, 35–109 milliard dollarlik qisqa muddatli iqtisodiy yo‘qotishlar va oxir-oqibat trillionlab dollarlik uzoq muddatli xarajatlar kelib chiqdi.

Ko‘zga ko‘rinmas zarba — zaharli bulut, kasallik va kosmosdan ko‘ringan iz

Jahon Savdo Markazi atrofida yuzaga kelgan ekologik zarba  fojiadan keyingi kunlar, oylar va yillar davomida o‘z ta’sirini saqlab qoldi. Odamlar ko‘z o‘ngida bino qulagan bo‘lsa, uning ortidan ko‘zga ko‘rinmaydigan yana bir xavf — zaharli chang va tutun paydo bo‘ldi.

AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi va AQSH Geologik xizmati tadqiqotlari bu changning oddiy qurilish chiqindisi emasligini ko‘rsatdi. AQSH Geologik xizmati olimlari fojiadan keyin Ground Zero atrofidan olingan chang namunalarini tahlil qilib, ularning tarkibi o‘ta ishqoriy, ya’ni pH darajasi 9 dan 11 gacha ekanini aniqlagan. Ushbu chang asosan maydalangan beton, gips hamda shisha tolasidan iborat bo‘lgan.

Ammo havoda tarqalgan xavf faqat maydalangan beton va gipsdan iborat emas edi. Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari va Butunjahon savdo markazi sog‘liqni saqlash dasturi ma’lumotlar bazasida vayronalar ostidan chiqqan tutun va chang tarkibida 350 dan ortiq xavfli birikmalar borligi aniq tasdiqlangan. Zaharli aralashma, ayniqsa, vayronalar orasida ishlagan qutqaruvchilarga ta’sir qildi. Ularda “WTC yo‘tali” va surunkali o‘pka kasalliklari kuzatildi. Ushbu holatlar bo‘yicha yuzlab tibbiy ilmiy maqolalar chop etildi.

Ammo shuncha zaharli changlar AQSH osmonini qoplab olgan paytda hisobotlarda havo nafas olish uchun yaroqli, ya’ni toza deb e’lon qilingan. Keyinchalik AQSH Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligining o‘z ichki tekshiruv idorasi maxsus tergov o‘tkazdi. Uning rasmiy tekshiruv hisobotida 2001 yil sentyabr oyida berilgan “havo xavfsiz” degan bayonotlar siyosiy bosim ostida va to‘liq ilmiy tekshiruvlarsiz qilinganini tan oldi. Bu esa jamoatchilik tomonidan katta tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, Kolumbiya universiteti olimlari fojia vaqtida Nyu-Yorkning quyi qismida bo‘lgan homilador ayollar va ularning bolalari ustida ko‘p yillik tibbiy kuzatuvlar olib bordi. Tadqiqotlarda zaharli havo va stress bolalarning tug‘ilish vazniga va o‘sish jarayoniga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatgani ilmiy jurnallarda chop etildi.

Butunjahon savdo markazi sog‘liqni saqlash dasturining keyingi yillardagi yirik tibbiy hisobotlarida terakt paytida vayronalar orasida ishlaganqutqaruvchilar orasida nafaqat o‘pka kasalliklari, balki turli xil saraton turlari ham keskin ko‘paygani aniqlandi.

2019–2020 yillardagi tibbiy ma’lumotlarga ko‘ra, fojia vaqtida xizmat qilgan va keyinchalik saratondan vafot etgan o‘t o‘chiruvchilar va politsiyachilar soni, 11 sentyabr kuni halok bo‘lganlarning sonidan ham oshib ketgan. Bu zaharli havoning uzoq yillardan keyin ham odamlarning hayotiga zomin bo‘layotganidan dalolat beradi.

Ammo bu zaharli bulutning ko‘lami qanchalik katta edi? Odamlar zaharli bulut faqat Manxettendagi ikkita binoning atrofidagina tarqalgan deb o‘ylashlari mumkin. Ammo unday emas edi.

NASA va AQSH Geologiya xizmati tomonidan olingan yo‘ldosh suratlarida Nyu-York osmonidagi qora zaharli bulut shamollar ta’sirida nafaqat butun shaharni, balki qo‘shni shtatlar – Nyu-Jersi va hatto Atlantika okeani tomon yuzlab kilometr masofaga tarqalib ketgani qayd etilgan. Yerga tushgan mayda asbest va shisha tolali zarralar esa o‘sha hududning tuprog‘i va suv havzalariga ham uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatgan.
Bu manzarani hatto Yer orbitasidan ham ko‘rish mumkin edi.

Fojia sodir bo‘lgan vaqtda Yer orbitasida, taxminan 400 kilometr balandlikda joylashgan Xalqaro kosmik stansiyada NASA astronavti Frenk Kalbertson bo‘lgan. U Yer orbitasidagi yagona amerikalik astronavt edi. Stansiya Nyu-York shahridan o‘tib borayotgan bir paytda u derazadan pastga qarab, Manxetten uzra qanday qilib ulkan qora tutun buluti ko‘tarilayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va suratga olgan.
Kalbertson o‘z intervyusida o‘sha holatni shunday eslaydi:

“O‘z vataningdan tutun ko‘tarilayotganini bunday baland nuqtadan turib ko‘rish juda dahshatli. Yerda hayotni yaxshilash uchun mo‘ljallangan kosmik stansiyada turib, pastda bunday mudhish qilmishlar tufayli insonlar hayoti vayron qilinayotganini kuzatish oson bo‘lmagan”.

O‘zbekiston va 101-reys: fojianing Atlantika okeani uzra aks-sadosi

11 sentyabr fojiasining zarbasi Atlantika okeani ustida parvoz qilayotgan samolyotlargacha yetib bordi. Shu ma’noda, bu fojia O‘zbekistonga ham ta’sir qildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, teraktlar Toshkentdan Nyu-York tomon yo‘l olgan “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning HY-101 reysi taqdirini o‘zgartirdi.
Dunyo tarixidagi eng fojiali voqealardan biri sodir bo‘lgan paytda, HY-101 reysi Atlantika okeani uzra parvoz qilayotgan edi. Uning manzili – Jon Kennedi nomidagi xalqaro aeroport, samolyot rusumi esa Boeing 757 edi. Bortda ekipaj a’zolari bilan birga jami 180 nafardan ortiq yo‘lovchi, asosan O‘zbekiston fuqarolari va boshqa davlat vakillari bo‘lgan.

Bu parvoz samolyot komandiri, uchuvchi Zarif Saidazimov uchun ham alohida ahamiyatga ega edi. U o‘zining ko‘p yillik faoliyatidagi nafaqaga chiqishidan oldingi so‘nggi parvozlaridan birini amalga oshirayotgandi.

Samolyot Atlantika okeani ustidan muvaffaqiyatli uchib o‘tib, AQSH quruqligiga yaqinlashayotgan bir paytda Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining Egizak binolariga terrorchilik hujumlari uyushtirildi. Bir necha soniyada vaziyat o‘zgardi. Nyu-Yorkda boshlangan fojia endi uning osmonidagi barcha parvozlar taqdiriga ham ta’sir qila boshladi.

Terakt sodir bo‘lgach, AQSH hukumati darhol o‘zining butun havo hududini yopdi va mamlakat bo‘ylab osmondagi barcha havo kemalariga zudlik bilan eng yaqin muqobil aeroportga qo‘nish haqida qat’iy buyruq berdi. HY-101 reysi ham endi o‘zining dastlabki manziliga yetib bora olmasdi.

Dispetcherlar o‘zbekistonlik uchuvchilarga Nyu-Yorkka qo‘nish mutlaqo mumkin emasligini va boshqa davlatga – Kanadaga burilish kerakligini ma’lum qildi. Lekin, uzoq parvoz  uchoqda yonilg‘i tanqisligini yuzaga keltirgan.

Ana shunday o‘ta og‘ir vaziyatda kapitan Zarif Saidazimov samolyotni Kanadaning Monreal shahridagi aeroportiga xavfsiz tarzda muvaffaqiyatli qo‘ndirdi.

Shu tariqa, Toshkentdan Nyu-York tomon uchib chiqqan o‘zbek samolyoti ham 11 sentyabr fojiasining bevosita ta’siriga tushdi. AQSH havo hududi ochilgunga qadar samolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari Kanadada vaqtincha qolib, keyinchalik o‘z manzillariga yetib bordi. O‘zbekiston uchuvchilarining bu jasorati keyinchalik mamlakat kinoijodkorlarini ilhomlantirdi va “101-reys” badiiy-biografik filmi suratga olindi.

Vaqt o‘tib, vayron bo‘lgan hudud tiklandi. Bir vaqtlar vayronagarchilik va yo‘qotish timsoliga aylangan Ground Zero bugun xotira va qayta tiklanish birlashgan maskanga aylangan. Sobiq Egizak binolar o‘rnidagi ikkita aks sado hovuzi va qurbonlarning ismlari bitilgan bronza lavhalar o‘sha kun xotirasini saqlab turadi. Hovuzlar ostidagi muzey esa fojia tarixini ashyolar, qutqaruvchilarning mashinalari, vayronalar ostidan topilgan buyumlar va guvohlarning xotiralarini namoyon etadi.

Bu makondagi Kalleri nok daraxti, ya’ni “Omon qolgan daraxt” esa fojia ichida saqlanib qolgan alohida timsoldir. Vayronalar orasidan deyarli qurigan holda topilgan bu daraxt mutaxassislar tomonidan davolab, saqlab qolindi va keyinchalik yana shu maydonga qayta ekildi.

Jasmina Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing