4-qavatdan yiqilgan o‘quvchining fojiali o‘limi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrida joylashgan maktab-internati yotoqxonasining to‘rtinchi qavatidan tushib ketib, og‘ir jarohat olgan o‘quvchi Shohidbek Jamoliddinov 10 kunlik davolanishdan so‘ng vafot etgani haqida xabar qilingandi. Baxtsiz hodisa oqibatida og‘ir jarohat olgan va shifoxonada davolanib kelgan o‘quvchi kecha, 15 sentyabr kuni olamdan o‘tgan. QALAMPIR.UZ o‘quvchi qanday jarohatlar oqibatida vafot etganini aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, uning bosh miyasi lat yegan va umurtqa-orqa miyasidan ham jarohat olgan. Shuningdek, ko‘krak qafasi ham jiddiy shikastlanib, o‘pkasi va yuragi lat yegan. Bundan tashqari, tovoni va dumg‘aza suyaklari singan. Bola hodisadan so‘ng koma holatiga tushgan.

QALAMPIR.UZ’ning aniqlashicha, uning yiqilgan joyi sun’iy chim bilan qoplangan. Voqeani xonadoshlari ko‘rgan va tez yordam chaqirilib, shifoxonaga olib borilgan. Shifokorlar unda bir necha kun davolash muolajalarini olib borgan, biroq shunga qaramay kecha, 15 sentyabr kuni tongda o‘quvchining yurak urishi to‘xtagan. Shifokorlar uni yarim soatdan ortiq vaqt davomida jonlantirishga uringan, biroq uni hayotga qaytarishning imkoni bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, marhum Shohidbek Jamoliddinov Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati o‘quvchisi bo‘lgan. Maktab mas’ul xodimining QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, ta’lim tashkiloti binosi hali to‘liq qurib bitkazilmagani sababli unga qabul qilingan o‘quvchilar Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati binosida vaqtinchalik tahsil olayotgan bo‘lgan. Mazkur maktab binosiga yaqin bo‘lgani uchun, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati o‘quvchilari Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti yotoqxonasiga joylashtirilgan. Fojia ham aynan shu yotoqxonada sodir bo‘lgan.

QALAMPIR.UZ suhbatlashgan, shaxsini oshkor qilishni istamagan guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, marhum o‘quvchi yotoqxonaning 4 qavatida yashagan. U baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kunda o‘z xonasining deraza qismiga yaqin holatda bo‘lgan. Bildirilishicha, o‘quvchi qo‘lida ushlab turgan planshet apparatining derazadan tushib ketish vaqtida uni tutib qolishga intilgan. Oqibatda esa o‘quvchi pastga tushib ketgan. 

Bolani shifoxonaga olib borishganda, uning yoniga borgan otasi boladan hodisa haqida so‘ragan va Shohidbek Jamoliddinov ismli o‘quvchi ham otasiga planshetni tutib qolishga uringani oqibatida yiqilib tushganini aytgan. Hodisaga guvoh bo‘lgan boshqalar ham marhum o‘quvchi yiqilgan joyda planshet qurilmasi bor bo‘lganini tasdiqlagan. 

Qayd etish joiz, ushbu ma’lumotlar hali rasman tasdiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati Toshkent shahrida yangi tashkil etilgan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi. U Prezidentning 2025 yil 15 maydagi 86-sonli Farmoni asosida faoliyat boshlagan. Maktab “Iqtidorli bolalar dasturi” doirasida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi iste’dodli yoshlarni yuqori sifatli ta’lim bilan ta’minlashga qaratilgan. Muassasa 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing