30 yil Qorabog‘da qirg‘in qilgan Armaniston endi demokratiyani eslab qoldi
Olam
−
27 Sentabr 2022
8604Ozarbayjon Armanistonning suveren hududiga hujum qilib, arman demokratiyasiga tahdid solmoqda. Bu haqda mamlakat Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Vashingtonda mahalliy tahliliy markazlar xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qilgan.
“Uchrashuvda Grigoryan Ozarbayjon tomonidan Armaniston suveren hududiga nisbatan amalga oshirilgan keng ko‘lamli tajovuz va uning oqibatlarini taqdim etib, Baku bu qadami bilan Armaniston suveren hududiga bostirib kirayotgani va Armaniston demokratiyasiga tahdid solayotganiga ishora qilgan. Xavfsizlik kengashi kotibi Yerevanning demokratiya yo‘lidan borish qat’iyatini ta’kidlagan”, deb xabar bermoqda Armaniston Xavfsizlik kengashi Matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 sentyabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Fransiyaga borib, Prezidenti Emmanuel Makron bilan bilan uchrashdi va muzokaralar yakunida o‘tgan matbuot anjumanida Ozarbayjon sovet davridagi chegaralariga qaytishi kerakligi haqida gapirdi.
Pashinyanning so‘zlari ortidan Ozarbayjon TIV ham bayonot bilan chiqib, Armanistonning revanshistik pozitsiyasi Janubiy Kavkazdagi vaziyatni normallashtirishga urinishlarga jiddiy putur yetkazishini urg‘uladi. Departamentning ta’kidlashicha, Yerevan o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmayapti, jumladan, qolgan qurolli tuzilmalarini Ozarbayjondan olib chiqmayapti, shuningdek, yangi hududlarni minalashtiryapti. Bularning barchasi mintaqa tinchligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.
To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi