$3,5 mln kredit evaziga $420 ming so‘ragan bank yuristi ushlandi

3-sahifa

image

Toshkentda 3,5 mln dollarlik kredit chiqarib berish uchun qariyb 420 ming dollar talab qilgan bank xodimi hamda fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, DXX va Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda kredit ajratish bilan bog‘liq noqonuniy holat fosh etilgan.

Jumladan, xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Olmazor filiali bank xizmatlari markazi yuristi va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib olgan.

Shuningdek, ular mazkur fuqaroning nomiga 3,5 million AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratib berishlarini aytgan hamda “xolis” xizmatlari evaziga kredit summasining 12 foizini, ya’ni 420 ming AQSH dollari talab qilgan. Ushbu so‘ralgan puldan bir 50 ming dollarini oldindan olgan vaqtlarida mazkur shaxslar ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bildirilishicha, hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda qalbakilashtirilgan guvohnoma va ma’lumotnomalar yordamida 12 nafar fuqaro nomiga jami 783 million so‘mlik kredit rasmiylashtirgan shaxs qo‘lga olingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing