24 yil ichida ilk tashrif. Makron Ukrainaga yetib bordi 

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 8 fevral kuni Moskvadan Kiyevga bordi. Bu haqda “Ukraina-24” telekanali xabar bergan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Makron Borispol aeroportidan Mariinskiy saroyiga yo‘l olgan va u yerda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Bu Fransiya rahbarining Ukrainaga 24 yil ichida birinchi rasmiy tashrifidir. Oxirgi marta 1998 yilda sobiq Prezident Jak Shirak Ukrainaga tashrif buyurgan. Makron bilan birga Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian Kiyevga borgan.  

Fransiya rahbari bir necha bor keskinlikni pasaytirish va Donbassdagi mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligi haqida gapirgan. Makronning so‘zlariga ko‘ra, uning uchun ustuvor vazifa inqirozga siyosiy yechim topishdir. 

Kecha, 7 fevral kuni Putin bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Fransiya rahbari Kiyevdagi muhokamalar chog‘ida Minsk kelishuvlarini amalga oshirish masalasini ko‘tarishga va’da bergan. Yelisey saroyi egasi ushbu hujjat shartlariga qat’iy rioya qilish kerakligini bir necha bor ta’kidlagan.

Shuningdek, u Ukraina rahbariga Moskva bilan Yevropada xavfsizlik va barqarorlik sohasidagi kafolatlar bo‘yicha muhokamaning asosiy nuqtalarini yetkazishga va’da bergan. Ta’kidlanishicha, Makron Zelenskiy bilan suhbatdan keyin Putin bilan telefon orqali fikr almashadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukrainaga tashrif buyurgandi. Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda “Bayraktar” uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish kengaytirilishi e’lon qilingan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Makron

Baholaganlar

191

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing