2026 yilning eng zo‘r davlatlari e’lon qilindi
Olam
−
21:30 576 2 daqiqa
“Best Countries 2026” reytingi e’lon qilindi va Markaziy Osiyo mamlakatlaridan unga faqat Qozog‘iston va O‘zbekiston kiritildi – ular mos ravishda 75- va 77-o‘rinlarni egalladi. Bu haqda “Best countries index” hisobotida keltirilgan.
“Best Countries 2026” reytingi WPP BAV (bu dunyodagi eng yirik reklama va kommunikatsiya xoldingi bo‘lmish WPP kompaniyasining brending va brend kapitalini baholashga ixtisoslashgan tadqiqot bo‘limi) tomonidan Pensilvaniya universitetining Uorton biznes maktabi bilan hamkorlikda tayyorlangan.

“Best Countries” – bu turmush darajasi yoki iqtisodiyot ahvolining to‘g‘ridan to‘g‘ri reytingi emas. Uning yakuniy pozitsiyalari ko‘p jihatdan davlatlarning xalqaro so‘rovnoma ishtirokchilari tomonidan qanday qabul qilinishini aks ettiradi.
2026 yilgi tadqiqotda 33 ta mamlakatdan 15 131 kishi ishtirok etgan. Ular davlatlarni 73 ta xususiyat bo‘yicha baholagan va ushbu mezonlar o‘nta yo‘nalishga – hayot sifati va tadbirkorlikdan tortib, madaniy ta’sir, meros va davlat qudratigacha bo‘lgan sohalarda birlashtirilgan.
“Best Countries 2026” reytingida birinchi o‘rinni Shveysariya egallagan. Keyingi o‘rinlardan Yaponiya, Shvetsiya, Kanada, Avstraliya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya va BAA joy olgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlaridan reytingga Qozog‘iston va O‘zbekiston kiritilgan. Qozog‘iston 85 ta o‘rindan 75-pog‘onani egallagan. Hayot sifati, tadbirkorlik va tarixiy-madaniy meros bo‘yicha u 82-o‘rinda, madaniy ta’sir bo‘yicha esa 85-o‘rinda qayd etilgan. Mamlakatning nisbatan kuchli tomonlari qatorida ishlab chiqarishning arzonligi (17-o‘rin), boshqa davlatlardan ajralib turishi (18-o‘rin) va kuchli qurolli kuchlarini (19-o‘rin) ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbekiston 77-o‘rinni egallagan. Mamlakatning eng kuchli ko‘rsatkichlari orasida – boshqa mamlakatlardan ajralib turishi (ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha 13-o‘rin) va ishlab chiqarishning arzonligi (16-o‘rin) bor. O‘zbekiston eng past baholarni kapitalga ega bo‘lish va kuchli xalqaro ittifoqlarning mavjudligi uchun olgan – har ikkala ko‘rsatkich bo‘yicha ham 85-o‘rin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston joriy yilda yolg‘iz sayohat qilish uchun dunyodagi eng yaxshi davlatlar reytingida 5-o‘rinni egallagan edi.
Live
Barchasi