2025 yil Yerdagi ikkinchi eng issiq yil bo‘ldi
Olam
−
09 dekabr 1668 2 daqiqa
Bugun, 9 dekabr kuni Yevropaning global isish monitoringi 2025 yil tarixdagi eng issiq yillardan biri bo‘lganini ma’lum qildi. Sayyora shu yilda rekord darajadagi ikkinchi eng issiq yilni qayd etgan. Bu haqda “France24” xabar berdi.
Kopernik iqlim o‘zgarishi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil hozircha 2023 yildan keyingi ikkinchi eng issiq yil bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Global harorat sanoatgacha bo‘lgan davrdan 1,5 °C ga oshib ketishi yana bir bor tasdiqlandi. Bu ko‘rsatkich 2015 yilgi Parij kelishuvida “xavfsiz chegaradan yuqori” deyilgan daraja hisoblanadi.
Kopernikdagi iqlim bo‘yicha strategik rahbar Samanta Burgessning aytishicha, 2023–2025 yillar uchun uch yillik o‘rtacha harorat birinchi marta 1,5 °C darajadan oshgan. Bu bosqichlar shunchaki quruq raqamlar emas, ular iqlim o‘zgarishining qanday sur’atda kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Kelajakda harorat ko‘tarilishini jilovlashning yagona yo‘li issiqxona gazlarini, chiqindixonalarni tez va keskin kamaytirish kerak. Kopernik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oy tarixdagi uchinchi eng issiq noyabr bo‘lgan. Sanoatgacha bo‘lgan davrdan 1,54 °C yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. O‘rtacha havo harorati 14,02 °C ni tashkil qilgan.
Bunday kichik ko‘rinadigan o‘zgarishlarning o‘zi ham iqlim tizimini beqarorlashtirayotgani ta’kidlanadi. Mutaxassislar bo‘ronlar, toshqinlar va boshqa ofatlar tobora kuchayib, tez-tez takrorlanayotganini aytmoqda.
“Harorat dunyoning deyarli barcha hududlarida, ayniqsa Kanada shimolida, Shimoliy muz okeani va Antarktida atrofida odatdagidan yuqori bo‘ldi. Rossiyaning shimoli-sharqida ham sezilarli sovuq anomaliyalar kuzatilgan”, deyiladi hisobotda.
Kopernik o‘z o‘lchovlarini quruqlikda ham, okeanlarda ham milliardlab sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari va ob-havo kuzatuvlari asosida amalga oshiradi. Arxiv ma’lumotlari 1940 yillargacha borib taqaladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, insoniyat tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari, ayniqsa, sanoat inqilobidan buyon keng miqyosda yondirilayotgan qazilma yoqilg‘i, global isishni jadal tezlashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, iqlim o‘zgarishi oqibatida 80 mln ish o‘rni yo‘qolishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.