2025 yil tarixdagi eng issiq yillardan biri bo‘ladi – JMT

Olam

image

2025 yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yillardan biri – ehtimol, ikkinchi yoki uchinchi o‘rinda bo‘ladi. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 11 yil – 2015 yildan 2025 yilgacha so‘nggi 176 yillik kuzatuvlar orasida eng issiq davr sifatida tan olingan.

“Joriy yilning yanvaridan avgustigacha bo‘lgan davrida Yer yuzasining o‘rtacha harorati sanoat davrigacha bo‘lgan darajadan 1,42 daraja Selsiyga yuqori bo‘ldi. Bu 2024 yilga nisbatan biroz pastroq, o‘sha paytda El-Nino hodisasi ta’sir qilgan edi, biroq umuman olganda issiqlik kamaygani yo‘q. 2023 yil iyunidan 2025 yil avgustigacha deyarli har oy harorat rekordi yangilandi, faqat shu yilning fevrali bundan mustasno”, deyiladi xabarda.

Olimlar bunday isishni nafaqat tabiiy sikllar, balki aerozollar ishlab chiqarish hajmining ortishi va boshqa antropogen omillar bilan bog‘lamoqda. Joriy yilda Afrika va Osiyoda vayronkor suv toshqinlari, Yevropa va Shimoliy Amerikada o‘rmon yong‘inlari, shuningdek, o‘limga olib kelgan tropik bo‘ronlar sodir bo‘ldi. Bu hodisalar iqtisodiyotga, oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazdi va millionlab odamlarning ko‘chishiga sabab bo‘ldi.

Okeanlar hamon ortiqcha issiqlikni yutishda davom etmoqda. Issiqxona gazlari sabab paydo bo‘lgan ortiqcha energiyaning 90 foizdan ziyodi aynan u yerda to‘planmoqda. Bu dengiz ekotizimlarining yemirilishiga, bo‘ronlarning kuchayishiga va muzliklarning tezroq erishiga olib kelmoqda.

Dengiz sathi ko‘tarilish sur’ati ham tezlashmoqda: 1990 yillarda u yiliga o‘rtacha 2,1 millimetrga oshgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 4,1 millimetrga yetgan. 2024 yilda eng yuqori daraja qayd etilgan, bu yil esa tabiiy omillar tufayli biroz pasaygan.

Arktika muzlari bu yilgi qishdan so‘ng butun sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari tarixida eng kichik maydonga ega bo‘ldi. Antarktidada ham vaziyat tashvishli – 2025 yilda muz hajmining kamayishi bo‘yicha tarixdagi uchinchi eng past ko‘rsatkich qayd etilgan. Global muzliklar esa ketma-ket uchinchi yil davomida massani yo‘qotmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq iqlim o‘zgarishi tufayli Yer yuzidagi o‘rmonlar jiddiy xavf ostida qolayotgani haqida xabar berilgan edi. BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasiga kiruvchi mamlakatlar hududida – Yevropa, Shimoliy Amerika, Kavkaz va Markaziy Osiyoda 1,76 milliard gektardan ortiq o‘rmon mavjud bo‘lib, bu dunyo o‘rmonlarining 40 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim Jahon meteorologiya tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing