2025 yil internet uchun “oxir zamon” bo‘lishi mumkin. Qanday qilib?

Bu qiziq

Quyoshda sodir bo‘ladigan bo‘ronlar ikki yildan so‘ng, 2025 yilda Yerni qoplab olishi va oqibatda bu “internet apokalipsisi”ga olib kelishi mumkin. Bu haqda “Daily Star” xabar berdi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Quyosh 2025 yilda o‘z faollik siklining (har 11 yilda kuzatiladi) eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi. Bunda Quyosh yuzasidagi har biri Yerdan bir necha barobar katta bo‘lgan qora dog‘lar chaqnashlarga sabab bo‘ladi. Quyoshdagi bo‘ronlar esa Yerda bir qancha muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, 1989 yilda Quyoshda sodir bo‘lgan bo‘ronlar elektr uskunalarining ishdan chiqishiga olib kelgan. Kanadaning Kvebek shahri elektr energiyasisiz qolgan. AQSHning bir qator shtatlarida esa elektr uzatishda muammolar yuzaga kelgan.

2025 yilda eng yuqori fazasiga chiqadigan Quyosh sikli esa yanada jiddiyroq muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Garchi Quyosh bo‘ronlarini qayd etib borish boshlangan 1755 yildan buyon bu hodisa 25 marta yuz bergan bo‘lsa-da, joriy bo‘ronlar ko‘proq vahimaga sabab bo‘lyapti. Chunki endigi kutilayotgan bo‘ronlar oldingilaridan tezroq sodir bo‘lishi va mutaxassislar bashorat qilganidan ko‘ra ko‘proq Quyosh dog‘lari va otilishlar kuzatilayotgani ta’kidlanmoqda.

AQSHning Milliy okean va atmosfera ma’muriyati vakilining so‘zlariga ko‘ra, Quyosh sikllarini kuzatish va bashorat qilish barcha turdagi kosmik ob-havo bo‘ronlarining chastotasi haqida – radio chastotalarining uzilishlaridan tortib geomagnit bo‘ronlar va Quyosh radiatsiyasi bo‘ronlarigacha taxminiy tasavvurni beradi. Bundan esa ko‘plab sohalarda kosmik ob-havoning Yerga ehtimoliy ta’sirini baholash uchun foydalaniladi.

Quyosh bo‘ronlari oqibatida Yerda internet tarmog‘i butunlay yo‘q bo‘lishi yoki, ta’bir joiz bo‘lsa, internet uchun “oxir zamon” kelishi haqidagi qo‘rquvlar 2021 yilda Kaliforniya universitetining Kompyuter fanlari kafedrasi assistent professori Sangita Abdu Jyothining ushbu masalada yozilgan ilmiy maqolasidan so‘ng paydo bo‘lgan. Garchi olim “internet apokalipsisi” iborasini ishlatganidan afsusda ekanini va bu juda katta e’tiborni tortganini tan olgan bo‘lsa ham, o‘shandan buyon ijtimoiy tarmoqlar internetning tugashi haqidagi gaplar bilan “portladi”. NASA esa hozircha bunga izoh bergani yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

internet Quyosh tsikli Quyosh bo'ronlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing