2025 yil eng issiq yil bo‘lishi mumkin. Asosiy aybdor esa Xitoy
Olam
−
14 iyul 2021
20000Xitoylik olimlar atmosferaga eng ko‘p issiqxona gazlarini chiqarayotgan shaharlar ro‘yxatini ma’lum qildi. Ular tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, issiqxona gazlari chiqindilarining yarmidan ko‘pi Xitoyning o‘zidan kelib chiqadi. Rossiyaning eng katta shahri ham asosiy aybdorlar qatoriga kiradi.
Ta’kidlanishicha, agar mamlakatlar tez orada chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rmasa, 2025 yil oxiriga qadar 90 foiz ehtimol bilan, dunyo eng issiq yil bo‘yicha yana bir rekord o‘rnatadi.
Anomal issiqlik har yili dunyo bo‘ylab 5 milliondan ortiq odamni o‘ldirmoqda — qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda.
Qayd etilishicha, Xitoyning Sun Yatsen universiteti olimlari dunyoning 53 mamlakatidagi 167 shaharni issiqxona gazlari chiqindilari miqdorini tahlil qilgan. Ularning aniqlashicha, atigi 25 megapolis chiqarilayotgan chiqindi gazlarining 52 foizini tashkil qilgan — ularning 22 tasi Xitoyda joylashgan.
Ular orasida Xandan, Suchjou, Dalyan, Tyanszin va Pekin bor. Biroq, yetakchi megapolislar ro‘yxatiga Yaponiyaning Tokio shahri, Turkiyaning Istanbuli va Rossiya poytaxti Moskva kiritilgan.
Hozirgi vaqtda Xitoyda mingdan ortiq ko‘mir zavodi faoliyat yuritmoqda — bu butun dunyo bo‘ylab mavjud ko‘mir quvvatlarining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. 2030 yilda chiqindi gazlar eng yuqori darajaga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga ta’kidlanishicha, Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin o‘tgan yili BMT Bosh assambleyasida videoaloqa orqali 2060 yilga kelib mamlakat dunyo miqyosidagi Parij kelishuviga binoan atmosferaga uglerod chiqindilarini chiqarishni butunlay to‘xtatishini aytgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, shaharlar yer sharining atigi 2 foizini qamrab oladi, ammo ular barcha chiqindi gazlarining 70 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi.
Aholi jon boshiga eng katta chiqindilar miqdori bo‘yicha esa yetakchi shaharlar Yevropa, AQSH va Avstraliyaning megapolislari bo‘lgan. Xususan, so‘nggi yillarda bu sohadagi ko‘rsatkichlar Rio-de-Janeyro, Kuritiba, Yoxannesburg va Venetsiyada keskin sakragan. Olimlar tomonidan tadqiqot o‘tkazilgan 167 ta shaharning atigi 113 tasi issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishni maqsad qilgan. Ulardan faqat 40 nafari esa maqsadiga erisha olgan.
Tadqiqot mualliflari, shuningdek, issiqxona gazlari chiqindilarining ikkita asosiy manbasini ma’lum qilgan: energiya va yoqilg‘i sarfi, shuningdek, transport vositalaridan foydalanish.
Olimlarning ogohlantirishicha, tadqiqot xulosalari shaharlardagi chiqindilar haqidagi ma’lumotlar har xil intervallarda taqdim etilgani uchun aniq bo‘lmasligi mumkin.
LiveBarchasi