Rossiya Suriyadagi qo‘shinlarini evakuatsiya qilishni boshladi

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi Suriyadagi qo‘shinlarini evakuatsiya qilishga kirishdi. Bu haqda Maxar Technologies va Planet Labs kompaniyalari tomonidan e’lon qilingan sun’iy yo‘ldosh suratlariga tayanib, “Vajniye istorii” nashri xabar berdi.

Suratlarda Hmeymim aviabazasiga kelgan transport samolyotlari hamda Rossiyaga jo‘natishga tayyorlangan S-400 zenit-raketa majmuasi elementlari ko‘rinadi. Shuningdek, sun’iy yo‘ldoshlar Rossiya harbiy kemalarining Tartus portini tark etganini qayd etgan.

“Bild” nashriga ko‘ra, Germaniya Mudofaa vazirligi ham Rossiya qo‘shinlarining Suriyadan evakuatsiya qilinishini tasdiqlagan. Bundesvar ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya harbiylari allaqachon Tartus portini tark etgan. “Financial Times” nashri esa sun’iy yo‘ldosh suratlari va Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, Hmeymim aviabazasiga evakuatsiya tadbirlarini amalga oshirish uchun yirik transport samolyotlari – ikki An-124 va uchta Il-76, shuningdek, kichikroq o‘lchamdagi uchta An-32 va bitta An-72 kelganini qayd etgan.

12 dekabr kuni “Bloomberg” nashri o‘z manbalariga tayanib, Rossiya Suriyaning yangi rahbariyati bilan o‘z bazalarini vaqtincha saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga yaqinlashgani haqida xabar bergan. Bu ma’lumotni keyinchalik TASS manbalari ham tasdiqlagan va Moskvaga yangi Suriya hukumati tomonidan qo‘shinlari uchun vaqtinchalik xavfsizlik kafolati berilganini bildirgan. Biroq “Bild”ning yozishicha, ushbu kafolatlar ularning Suriya hududida qolishini emas, balki Rossiya qo‘shinlarini xavfsiz olib chiqishni nazarda tutadi. 

Eslatib o‘tamiz, 27 noyabr kuni Suriya muxolif kuchlari Idlib provinsiyasidan hujumni boshlagandi va 8 dekabrga kelib Damashqni egallagandi. Suriya sobiq prezidenti Bashar Asad esa o‘z vakolatlaridan voz kechib, Rossiyaga qochdi. Shundan so‘ng muxolif kuchlar Asad rejimining ag‘darilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Suriya evakuatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing