2024 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 6,5 foizga oshdi

Jamiyat

image

2024 yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot 6,5 foizga oshib, 115 milliard dollarga yetdi. Bu haqda bugun, 16 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, o‘tgan yili xorijiy investitsiya 1,6 barobar o‘sib, 34,9 milliard dollarni tashkil qilgan, qiymati 10 milliard dollarlik 242 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushgan, eksport ilk bor 27 milliard dollarga chiqqan.

O‘tgan yili 50 ta tumanga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kirib kelgan (2023 yilda bunday tumanlar 11 ta edi). Davlatobod, Yangi Namangan, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlarida investitsiyalar 300 million dollardan oshgan. Tog‘-kon, neftgaz, kimyo, qishloq xo‘jaligida reja 2 karra ortig‘i bilan bajarilgan.

Shuningdek, videoselektorda har bir dollar investitsiyaning samaradorligini oshirish hudud va tarmoqlar rahbarlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. So‘nggi yetti yilda kiritilgan 120 milliard dollar investitsiya hisobiga 6 mingdan ortiq korxona ishga tushgan. Tahlillar ko‘rsatishicha, jalb qilingan har 1 ming dollar investitsiya yiliga o‘rtacha 530 dollar qo‘shilgan qiymat yaratmoqda.

Tog‘-kon sanoatida bu ko‘rsatkich 700 dollarga yetgani sababli sohaga Germaniya, Turkiya, Xitoy va boshqa davlatlardan investorlar kirib kelishni boshladi.

Lekin “O‘zbekneftgaz”, "O‘zmetkombinat" va qurilish materiallari tarmog‘ida investitsiya samaradorligi boshqa tarmoqlarga nisbatan 2 barobar past. Investitsiya hisobiga qo‘shilgan qiymat Sirdaryoda respublika ko‘rsatkichidan 3 barobar, Buxoro va Qoraqalpog‘istonda 2 barobar kam.

230 ta tadbirkorning bojxona omborlarida uzoq muddatdan buyon saqlanayotgan 120 million dollarlik uskunalar egalariga yetkazildi. Lekin yana 105 ta tadbirkorning 110 million dollarlik uskunalari omborlarda turibdi.

Mutasaddilarga ushbu uskunalarni egalariga yetkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

Prezident 2025 yildagi asosiy vazifalarga ham to‘xtaldi. ma’lum qilinishicha, o‘tgan yil yakunida hokimlarning hududiy rejalari belgilab olingan. Har bir tuman kesimida bajarilishi lozim bo‘lgan indikatorlar to‘plami ishlab chiqilgan. 

Jumladan, bu yil 27 ta tuman hokimi investitsiyani 200 million dollardan oshirish rejasini olgan. Masalan, so‘nggi besh yilda Uchko‘prikda xorijiy investitsiya 10 karra oshib, 100 million dollarga yetgan. Tuman hokimi  2025 yilda buni 200 million dollarga yetkazishni hisob-kitob qilgan.

Lekin 10 ta tuman hokimining rejasi 40 million dollarga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi. Bular Mirishkor, Ko‘kdala, Boyovut, Bandixon, Uzun, Sherobod, Bekobod, Toshkent, Rishton, Gurlan tumanlari. Mutasaddilarga ushbu tumanlarga yangi loyihalar paketini shakllantirib, kamida 100 million dollarlik rejani tasdiqlash topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston investitsiya yalpi ichki mahsulot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing