2024 yilda dunyo oziq-ovqat bilan bog‘liq qiyinchilikka duch keladi – Imomali Rahmon
Olam
−
20 mart
5574Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon vatandoshlarini Navro‘z bayrami bilan tabriklab, 2024 yilda dunyo oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq og‘ir vaziyatga duch kelishini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan tabrikda so‘z boradi.
Imomali Rahmon shu munosabat bilan fuqarolarni barcha mavjud resurslardan oqilona foydalanishga chaqirdi.
“Mushohadalar va tahlillarga ko‘ra, 2024 yilda jahon hamjamiyatini oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha oldingi yillardagidan ham murakkab va og‘ir vaziyat yuzaga keladi. Bugungi kunda dunyoning 80 dan ortiq davlati aholisi hosil yetishmovchiligi muammolaridan aziyat chekmoqda. Shuning uchun biz barcha mavjud resurslar va imkoniyatlardan, mamlakatimizning qulay tabiati va iqlimidan, ayniqsa, suv va yerdan oqilona va samarali foydalanishimiz kerak”, deydi Prezident.
Davlat rahbari iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, notinch siyosiy vaziyat tufayli dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlash tobora qiyinlashib borayotganini ta’kidladi.
“Mamlakatimizda ham suv darajasining pastligi kuzatilmoqda, qor va yomg‘ir miqdori o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga kam”, deb qo‘shimcha qilgan Tojikiston rahbari.
Imomali Rahmon Navro‘z bahor kelishi bayrami sifatida, avvalambor, qishloq xo‘jaligi xodimlarining bayrami ekanini ta’kidlab, ularni mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini asrashga e’tibor qaratishga, barcha fuqarolarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Navro‘z dunyodagi eng qadimiy bayramlardan biri bo‘lib, uning tarixi 3 ming yildan ko‘proqqa borib taqaladi. Uning islom diniga aloqasi yo‘q va quyosh astronomik taqvimiga ko‘ra, Eron va turkiy xalqlar yangi yil boshlanishini nishonlaydigan bahorgi tengkunlik (19, 20 yoki 21 martga to‘g‘ri keladi) bilan bog‘liq. Navro‘z UNESCOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Tojikistonda Navro‘z har yili keng nishonlanadi, mamlakatda turli karnavallar va yarmarkalar o‘tkaziladi. Bayram munosabati bilan respublikada 21 martdan 26 martgacha bo‘lgan kunlar dam olish kuni deb e’lon qilingan.
LiveBarchasi