2024 – Rossiya O‘zbekistonni tinch qo‘ymagan yil
Tahlil
−
30 dekabr 2024
8067Dunyoda imperialistik tafakkur va kolonializm bundan ancha ilgari, aniqrog‘i 1960-70 yillarda nihoyasiga yetganiga qaramay, bosqinchilik kayfiyati va mamlakatlarning suverenitetini hurmat qilmaydiganlar bugun ham topiladi. Yer sayyorasi XXI asrning birinchi choragini deyarli bosib o‘tgan, o‘zini hurmat qiladigan davlat xalqaro maydondagi siyosiy masalalarini qurol bilan emas, balki diplomatiya orqali hal qilishi urfda bo‘lgan zamonda yashayotganimizga qaramay, siyosiy madaniyat borasida o‘rta asrlarda qolib ketganlar yetarlicha. Eng achinarlisi, bunday chirkin tafakkurni o‘ziga to‘n qilib kiyib olganlar, nafaqat o‘z qo‘shnisi va qardosh xalqlariga, balki o‘zi bilan strategik sherikchilik shartnomasidek eng yuqori darajadagi hamkorlik aloqalari kabi munosabat o‘rnatgan davlatlarga ham turli bosimlar o‘tkazishdan tap tortmaydi. Undaylar o‘z hamkorlarining ichki siyosatini ham, tashqi siyosati ham sariq chaqaga ilmaydi. Boshqa davlatdagi maktabda ro‘y bergan kundalik tushunmovchilikni siyosiy darajaga ko‘tarishdan tortib, davlat tili va shu xalqning tarixi borasidagi barcha masalalarga burun suqish bunday turdagi “yuvuqsiz qoshiqlar” uchun unchalik uyatli ish emas. Unday turdagilar hatto o‘zga davlatning, bo‘lganda ham strategik sheriklarining milliy qonunchiligiga ham bepisandlik va hurmatsizlik bilan qaraydi. Bu bosib bo‘lmas “qizil chiziqlar” demakdir. Biroq diplomatik qoidalar va siyosiy madaniyatdan ancha yiroqlashib ketgan eski imperialistlar tomonidan bu kabi jiddiy chiziqlarning toptalishi ham odatiy holga aylandi. Mazkur holat esa bir davlat tomonidan boshqa davlat siyosati, tarixi, madaniyati va qonunchiligini sazoyi qilishdan boshqa hech narsa emas. Ortda qolib borayotgan yil davomida O‘zbekiston rossiyalik shovinist “ziyolilar” va hatto davlat ahamiyatidagi rasmiy shaxslar tomonidan shunday obro‘sizlantirishlarga uchradi. Bu hol bir emas, balki bir necha bor yuz berdi. Quyida butun yil davomida Rossiya rasmiylari va boshqalar tomonidan O‘zbekistonga nisbatan sodir etilgan shunday xunuk voqea-hodisalar va tahdidlarga bir boshdan batafsil to‘xtalamiz.
O‘zbekistonni bosib olish tahdidi
Tahdid va kamsitishlarni 2023 yilning so‘nggi kunlarida kuzatilgan shov-shuvli voqelikdan boshlash mazmunan to‘g‘riroq bo‘ladi. Rossiyalik yozuvchi, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi, Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zaxar Prilepin tajovuzkorona tarzda sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surdi. Uning bu bosqinchilik kayfiyatidagi chiqishi 2024 yilda sodir bo‘lmagan bo‘lsa-da, mazkur so‘zlar ta’siri joriy yil davomida O‘zbekistonda chuqur saqlanib qolgani tufayli yil tahdidlari qatoriga qo‘shmaslikning iloji yo‘q. O‘tgan yili chamasi shu kunlar atrofida, ya’ni dekabrning so‘nggi kunlari Prilepin Rossiyaga mehnat muhojirlari qaysi mamlakatlardan borsa, o‘sha davlatlarni Rossiya tarkibiga qo‘shib olish kerak degan tuturiqsiz taklif bilan chiqqandi. U, shuningdek, Rossiya Kiyevni egallagandan so‘ng, uning Yevrosiyo hududidagi keyingi harakatlariga hech kim qarshilik qila olmasligini ham ochiq-oydin aytgandi.
“Ularga rus tilini bu yerda emas, o‘z yurtida, deylik O‘zbekistonda o‘qitish kerak. Men hazillashayotganim yo‘q. Biz Sovet Ittifoqining parchalanishini rad etish mavzusini ko‘taramiz. Sizning ikki million fuqarongiz bizning hududimizda ekan, biz sizning hududingizga da’vo qilamiz. Chunki ko‘pchilik allaqachon shu yerda va ular hatto “bunga ovoz bergan” deyishga imkon beradi. Kiyevdagi paraddan keyin Yevrosiyo hududida biror narsa qilishni bizga kim taqiqlaydi? Hech kim”, degan Prilepin.
Hayratlanarlisi shundaki, matbuot anjumanida qatnashayotganlar uning gapini qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa rus siyosiy elitasi va mediasida shovinizm normal qabul qilinishi va u yerda ayni damdagi tafakkur shunday qarashlarga tayanayotgandek taassurot qoldirishi tabiiy. O‘zbekistonda Prilepinning mazkur bayonoti juda keskin norozilik bilan qabul qilindi. Ko‘plab jamoat faollari, mulozimlar va hatto oliy darajadagi rahbarlarning ham e’tiborini o‘ziga tortgan Prilepinning mazkur shovinistik va bosqinchilik kayfiyati ufurib turgan so‘zlariga bir qancha qarshi bayonotlar yangradi. Ular orasida rus shovinistlarining mamlakat suverenitetiga nisbatan sodir etadigan og‘zaki xurujlariga doimiy javob qaytaradigan deputatlar va boshqa mulozimlar o‘rin oldi. Ahamiyatlisi shundaki, masala bevosita davlat mustaqilligiga tahdid ekani ochiq-oydin ko‘rinib turgani bois, Prilepinning O‘zbekistonni bosib olish haqidagi tajovuzkor gaplari ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham nihoyat harakatga keldi. Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov o‘tgan yili 21 dekabr kuni Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilmagan bo‘lsa-da, xayriyat hech bo‘lmasa taklif qilindi. Odatda bunday harakatlar oqibatida mamlakatda mavjud bo‘lgan diplomatik missiya vakili TIVga chaqirtiriladi. Ammo O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu safar ham tavoze ila Rossiya elchisini o‘z huzuriga taklif qildi.
TIV bayonotida Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, xalqlar o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etildi. Oleg Malginov esa to‘liq mas’uliyat bilan Zaxar Prilepinning bayonotlari Rossiya Federatsiyasi rahbariyatining O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini bildirgan. Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi vakili sifatida elchi Malginov O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmaganini urg‘ulagan. U Rossiya Tashqi ishlar vazirligi juda yaqin fursatlarda bu borada bayonot berib chiqishini ham qo‘shimcha qilgandi. Kutilganidek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova holat yuzasidan munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Prilepinning bayonotlari uning shaxsiy fikri bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasini uzoqdan ham aks ettirmaydi. Shuningdek, u 2004 yil 16 iyundagi strategik sheriklik va 2005 yil 14 noyabrdagi ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalarni eslatib o‘tgan holda, ikki davlat har doim bir-biriga yordam berishga tayyorligini aytib o‘tdi.
Rossiyalik shovinist mulozimning chiqishidan bir kun o‘tib esa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida dunyodagi qudratli davlatlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganini aytdi. Biroq Mirziyoyev qanday va qaysi bosimlarni nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagandi o‘shanda.
“Ilgari o‘z maqsad va manfaatlarini asosan diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim o‘tkazish, qarama-qarshilik va to‘qnashuvlar yo‘liga o‘tganiga hammamiz guvohmiz. Afsuski, bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri Markaziy Osiyo mintaqasi va uning tarkibiy qismi bo‘lgan mamlakatimizni ham chetlab o‘tmayapti. Ana shunday g‘oyat murakkab va tahlikali vaziyatda O‘zbekistonning milliy manfaatlariga javob beradigan to‘g‘ri yo‘lni topish albatta oson bo‘lmayapti”, degandi Prezident.
O‘zbek degan millat mavjud emas – rus shovinisti
Prilepinning agressiv bayonotidan keyin sodir bo‘lgan voqealar tinib, O‘zbekiston va undagi faollar tomonidan to‘liq hazm qilinib ulgurilmagan payt mamlakatga nisbatan shimoldan yana tosh otildi. Bu safargi og‘zaki shovinistik hujum millat tarixi va uning kelib chiqishini oyoqosti qildi. Zaxar Prilepinning bosqinchilik ufurib turgan bayonotidan roppa-rosa 1 oy o‘tib, 21 yanvar kuni Lenin vafot etganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan “Uchrashuv joyi” tok-shousida rus shovinist tarixchisi Mixail Smolin “inqilobdan oldin ozarbayjon, o‘zbek va qozoqlar hech qachon mavjud bo‘lmagan”, degan da’vo bilan chiqdi.
“Qozog‘iston qanday paydo bo‘ldi? Darhaqiqat, dastlab RSFSR tarkibida Qozog‘iston SSR deb atalgan, ungacha qozoqlar umuman yo‘q edi. Millatlarning shakllanishiga oid qarorlar shu qadar ixtiyoriy qabul qilingan. O‘zbeklar, masalan, inqilobgacha hech qachon bo‘lmagan, bunday nom yo‘q edi. Markaziy Osiyoning bir qancha xalqlaridan o‘zbeklarni olib, yaratdilar. “Ozarbayjonlar kimlar? Bunday millat yo‘q. Inqilobdan oldin bunday xalq bo‘lmagan”, degan Smolin.
Smolinning bu da’vosiga yana O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya vazirligida vazir maslahatchisi bo‘lib faoliyat yuritayotgan, sobiq deputat Rasul Kusherboyev birinchilardan bo‘lib, o‘z munosabatini bildirdi.
“Ko‘rinib turibdiki, katta ehtimol bilan Kreml buyurtmasi asosida rus ziyolilari sekin-asta Markaziy Osiyo mamlakatlarini bosib olishga o‘z jamiyatini ruhan tayyorlamoqda”, deydi Kusherboyev.
Kusherboyevning fikricha, bu kabi ssenariylar Ukraina bosqinidan oldin ham qo‘llangan. Albatta, bir oy ichida ketma-ket ikki bor uyushtirilgan hurmatsizlik va tahqirli chiqishlar shunchaki tasodif emasligini ilg‘ash unchalik ham qiyin emasdi. Bunday vaziyatda esa shu kabi chiqishlar Kusherboyev aytganidek markaziy apparatlardan kelgan buyurtmaga asosan amalga oshirilishi ehtimolini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Ammo Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tarixchi sifatida ko‘riladigan shovinistning gaplariga izoh berib, yana Kremlning o‘sha doimgi navbatchi bahonasi bilan mavzuni yopishga harakat qildi. Ya’ni Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova shu kungi tok-shouda Smolin tomonidan aytilgan g‘alati gaplar uning shaxsiy fikri ekanini bildirdi.
“Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlarini umumiy tarix va insonparvarlik aloqalari, savdo-iqtisodiy munosabatlar bog‘lab turadi. Bizning chinakam yaqin hamkorligimiz, strategik sherikligimiz va aksariyat hollarda ittifoqdoshligimiz bir-biriga hurmat va madaniyatlar muloqotiga asoslangan. Qayd etilgan g‘alati bayonotlar tabiatan sof sub’ektivdir, yuqorida aytib o‘tilgan voqeliklar bilan hech qanday umumiylik yo‘q va bu butunlay muallifning vijdoniga havola”, deydi Zaxarova.
Ammo Zaxarovaning urfdan qolgan bahonalari bilan Smolin mavzusi to‘liq yopilmadi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov O‘zbekistonda ta’lim va televideniyeda rus tilidan foydalanishni qisqartirishni taklif qildi.
“3 foizga ham bormaydigan rus vatandoshlar uchun ta’lim va televideniyeda rus tili nomutanosib darajada ko‘p! Bu tuzatilishi kerak. Qozoq, ozar, qirg‘iz, turkman, turk va tojik qardoshlar bilan teleko‘rsatuvlar almashishni yo‘lga qo‘yaylik”, deydi Qodirov.
U birinchi navbatda, O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim ona tilida o‘qitilishi bo‘yicha norma qonunga kiritilishi mumkinligini aytdi. U “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasida bu masalalar muhokama qilinishini bildirgan. Shuningdek, Qodirov ruslarning so‘nggi paytlardagi shovinistik chiqishlariga nisbatan faqat bayonotlar emas, balki amaliy choralar qo‘llashga chaqirgandi.
“Rasmiy rus tomoni shovinistlarning “g‘alati” chiqishlarini ta’kidlashdan nariga o‘tmayapti. Bu ularni bunday ritorikadan manfaatdor degan taassurot uyg‘otadi. So‘nggi vaqtlarda rus tilida shovinistik bayonotlardan boshqa narsa eshitmayapmiz. Bu holatda munosabatlar o‘z yo‘liga, amaliy choralar haqida o‘ylashimiz kerak”, deydi Alisher Qodirov.
Zaxarova – Rossiya diplomatiyasi inqirozining ramzi
23 sentyabr kuni taxminan soat 15:00 lar atrofida Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabining 6-“V” sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va ular o‘rtasida o‘zaro tortishuv yuzaga kelgan. So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni o‘tirgan joyidan tortib olib chiqib, o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Bundan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi o‘qituvchining bu xatti-harakati yuzasidan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Bolalar ombudsmanining IIV va MMTVga yuborgan so‘rovi asosida mazkur holat o‘rganilib, Chilonzor tumani IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bordi. Bolani urish, haqoratlash yoki unga nisbatan boshqa turdagi tazyiqlarni qo‘llash mutlaqo qabul qilib bo‘lmas ish va o‘z o‘rnida qonunga zid hamdir. Shunga ko‘ra, yuqorida ta’kidlanganidek mazkur voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi, muhokama qilindi va huquq-tartibot idoralari ushbu ish yuzasidan tegishli harakatlarni ham boshlagandi. Umuman olganda ushbu insident ham, voqelik atrofidagi tomonlar O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonga tegishli edi. Ammo so‘zimiz avvalida ta’kidlab o‘tilganidek, mustamlakachilik davrini qo‘msaydigan, bosqinchilik tafakkuridan hali ham voz kechmagan chirkin niyatlilar doim topiladi. Gap shundaki, Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisini ayovsiz kaltaklagani haqida Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistondan mazkur holatga izoh berishini so‘radi. Bunga bahona sifatida esa voqea rus tili darsida bo‘lgani va xuddiki ushbu holatda tilga nisbatan adovat borligi keltirilgan. Shu paytgacha Kremlga yaqin shaxslar va propaganda mashinasi tomonidan O‘zbekiston manziliga yo‘llangan tahdidlarni “muallifning shaxsiy fikri” deya pardalaydigan Zaxarova bu safar o‘zi mazkur holat aks etgan video mazmunidan nihoyatda tashvishlanganini aytib, Rossiya O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘raganini bildirdi va keyin bahsli holatni boshlab yubordi. Zaxarova hatto bu masala Rossiyaning diqqat markazida turishini ham aytib o‘tdi.
“Ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan do‘stona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasidagi adovatga o‘rin yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Bu masalani diqqat-e’tiborimiz markazida tutamiz”, deya xulosa qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.
Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga Alisher Qodirov munosabat bildirdi. Uning aytishicha, bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzilgan va chorasi ham O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi.
“Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi. Tekis joyda to‘polondan foyda chiqmasligini tushunib yetishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli”, degan Alisher Qodirov.
Mazkur voqeadan biroz o‘tib o‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchi ayol javobgarlikka tortildi. O‘zbekistonning ichki siyosatiga “burun suqish”ga hech qanday ko‘rinishda haqqi yo‘q bo‘lgan Zaxarovaning sariq chaqalik ahamiyatga ega bo‘lmagan so‘rovi tufayli emas, albatta. U boshqa bir qancha huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun javobgarlikka tortildi. Ma’lum qilinishicha, o‘qituvchi joriy yilning 24 sentyabr kuni qizi tahsil oladigan Yashnobod tumanidagi 204-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib, maktab direktori o‘rinbosariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Ushbu harakatlarini u ko‘plab maktab o‘quvchilari ko‘z o‘ngida sodir etgan. 25 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan va ayol Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi, BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming so‘m) va BHMning 7 baravari (2 mln 380 ming) so‘m jarima jazosi tayinlangan. Zaxarovaning O‘zbekiston ichidagi voqeaga “burun suqishi”ga O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham munosabat bildirib, mamlakat ichki ishlariga aralashish qabul qilib bo‘lmaydigan holatligi va qolaversa, bu ishni qilayotgan davlatning o‘zida hal qilinmagan muammolar yetarlicha ekanini aytdi. U bu so‘zlari bilan urush va rekord darajadagi sanksiyalar ostida yashashga mahkum bo‘lgan Rossiyaning bugungi ahvoliga shama qilgan bo‘lsa ajab emas.
Albatta, Zaxarovaning noo‘rin bayonoti va mamlakat mustaqilligiga nisbatan qilgan hurmatsizligi mulozim va jamoat faollarining qarshi bayonotlari bilan cheklanmadi. Bu holat yuqori rasmiy doiralarda ham alohida e’tiborga olindi. Mazkur voqea sodir bo‘lgan sentyabr oyining so‘nggi 10 kunligi bu uchun ayni muddao bo‘ldi. 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Ikki o‘rtadagi uchrashuv yuqorida so‘z yuritilgan Zaxarova tomonidan o‘ylab topilgan muammo hali qaynoq saqlanib qolgan paytga to‘g‘ri keldi. Saidov o‘z Telegram-kanalida mazkur uchrashuvda davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlanganini yozdi.
“O‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligi ta’kidlandi. Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik”, deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
O‘zbekistonga Ukraina taqdiri eslatildi
O‘zbekistonning ichki ishiga aralashish ishi unga nisbatan berilgan qarshi bayonotlar bilan to‘xtab qolmadi. Zaxarovaning bu ishi keyingi ziddiyatlar zanjirini hosil qildi. Xususan, Rossiya parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya kengashi Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Andrey Klimov Alisher Qodirovning Rossiyaga qilgan “o‘z ichki ishlari bilan shug‘ullanish” chaqirig‘iga nisbatan unga Ukraina taqdirini eslatib, rus siyosiy elitasining zo‘ravon va bosqinchi tafakkurini yana bir bor namoyon qildi.
“Har qanday hodisa yuzasidan darhol bunday ohangda gapirishga qarshiman. O‘zini o‘qituvchi deb atayotgan shaxsning qilgan ishi nafaqat huquqbuzarlik, balki bundan ham ko‘proq. Uzoq vaqt davomida o‘zini shunday tutgan bitta mamlakat bor edi. Endi u juda og‘ir ahvolga tushib qoldi”, dedi Klimov Ukrainani eslatmoqchi bo‘lib.
Albatta, Klimovning bu do‘q-po‘pisasi javobsiz qolmadi. Faqat og‘zaki, albatta. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov rossiyalik senatorning bu shamasiga javob qaytardi.
“O‘zbekistonda hukumat va fuqarolik jamiyati har qanday zo‘ravonlik holatlariga tezkor munosabat qiladi. Bunday holatlarda biz xorijiy maslahatchilarga muhtoj emasmiz. Klimov Andrey, kompas olib, shamalaringiz bilan to‘rt tomonga yo‘l olishingiz mumkin”, deb yozadi Bekmurodov.
Alisher Qodirovning o‘zi ham Klimovga javob qilib, o‘z sahifasida u aslida Ukraina taqdirni takrorlashdan emas, balki O‘zbekiston tovarlari uchun Rossiyadek tayyor bozordan ayrilishdan xavotirlanishini ta’kidladi.
“Ukraina misolida qo‘rqitish Keosayanda rangliroq chiqayotgandi, hamma ishni ustalari qilgani ma’qul. Meni, masalan, ko‘proq, Rossiyadek tayyor bozordan ayrilib qolish xavfimiz xavotirga solyapti”, deb yozgandi Qodirov.
Rus deputati O‘zbekiston qonunchiligini oyoq osti qildi
2022 yilning 24 fevralida o‘zi ham deyarli huquqiy davlat bo‘lmagan Rossiya xalqaro huquq normalariga zid tarzda Ukraina hududiga bostirib kirdi. Dunyoning ikkinchi raqamli armiyasi deb tan olingan Rossiya Qurolli kuchlari Donbassda o‘zining “asl kuchi”ni ko‘rsatdi va Rossiya shu lahzalardan boshlab mamlakatni jarlik sari yetaklovchi mojaro ichiga sho‘ng‘idi. Hademay rus qo‘shinlari frontda katta yo‘qotishlar va yetishmovchiliklarga uchrashi fonida qo‘shimcha kuchlarga ehtiyoj sezildi. Tez orada bunday kamchiliklar eng chirkin usul bilan to‘ldirila boshlandi. Rossiya mamlakat hududida ishlayotgan migrantlarni Ukrainadagi bosqinga jalb qilishni boshladi. Mo‘maygina pul, fuqarolik va boshqa takliflar orqali mazkur jarayonni jozibalashtirish avj oldi. So‘nggi vaqtlarda metrolar va boshqa jamoat transportlarida bosqinga jalb qilish haqidagi e’lonlar o‘zbek va boshqa tillarda chop etila boshlandi. Aynan shu hodisadan boshlab Rossiya O‘zbekistondagi milliy qonunchilik xususan, jinoyat qonunchiligini qo‘pol tarzda oyoqosti qildi. Sababi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining “tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar” bo‘limida “yollanish” bilan bog‘liq 154-moddada shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi – besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilab qo‘yilgan.
Ammo shunday bo‘lishiga qaramay rus elitasi o‘zbekistonliklarni urushga jalb qilish orqali O‘zbekiston qonunchiligini bir pulga ilmaslikda davom etdi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi va boshqa vakolatli organlar bunday g‘arazli chaqiriqlarga fonida mamlakat fuqarolarini bu kabi takliflarga uchmaslikka chaqirgan holda, mavjud qonunchilik normalari va bu masala yuzasidan belgilab qo‘yilgan javobgarlik haqida vaqti-vaqti bilan ogohlantirib turdi. Ammo aslida ogohlantirish migrantlarga emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hukumatiga yo‘llanishi mantiqan to‘g‘riroq bo‘lardi. Shu bois Rossiyada migrantlarni, xususan u yerda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini bosqinga jalb qilish kompaniyalari to‘xtamadi va aksincha yanada faol tarzda olib borildi. Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulligi O‘zbekiston fuqarolarini yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirdi. Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining yuqorida ta’kidlab o‘tilgan 154-moddasiga ko‘ra, bunday harakatlar uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini yana eslatib o‘tdi. Shuningdek, Bosh konsulxona fuqarolarni Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etganligi to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirib ham o‘tgan. Ammo konsullik tomonidan o‘z vazifasi va vakolati doirasida, huquqiy normalardan chetga chiqmagan holda berilgan ushbu bayonot borgan sari huquqiy davlat maqomidan ayrilayotgan va qonunlarga tupurib qo‘ygan Rossiya deputatining prinsiplariga to‘g‘ri kelmadi. Deputat, shu mamlakatning “qonunchisi” ro‘lidagi insonga! Gap shundaki, Rossiyaning “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqib, o‘zining X sahifasida quyidagicha post qoldirdi:
“O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chorladi. Nega boshqa imkoniyatlardan foydalanmaslikka chorlamadi? Shunda boshqa imtiyozlardan foydalanmaslik kerakmi? Sizni boqayotgan mamlakatni himoya qila olmaysizmi? Tushunarli, demak, viza rejimini joriy qilishimiz kerak. Viza rejimi bilan hammasi hal bo‘ladi! Bunday “fuqarolar” (migrantlar) bizga kerak emas”.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu Sergey Mironov tomonidan O‘zbekiston va undagi qonunchilik tizimiga nisbatan qilingan birinchi hurmatsizlik emas. U 2023 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘z fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonunchiligi sabab o‘rinsiz va asossiz tarzda tanqid qilish orqali Markaziy Osiyo davlatlarining huquqiy tizimiga oyoq qo‘ygandi. Bu Rossiya davlat boshqaruv tizimidagi yirik va ko‘zga ko‘ringan, 2004-2012 yillarda hatto prezidentlik saylovlarida ham o‘z nomzodi bilan ishtirok etgan shaxs tomonidan sodir etilgan ham kulgili, ham achinarli xatti-harakat edi. Aslida Rossiyada qaror topgan o‘ta abgor ahvoldagi huquqiy tizimga nazar tashlansa, vaziyatni bir qadar tushunish mumkin. Putinning huquqiy tizimga emas, balki kuch va zo‘ravonlik ustiga qurilgan rejimida Mironov va boshqa rahbarlarning o‘zini bu kabi yuridik doiradan chetga chiqqan holda tutishi o‘z-o‘zidan shakllanib qolmagan. Mazkur holatlar Rossiyada uzoq yillar davomida jarlikka qulagan huquq tizimining chirigan mevasidir. Putinning Ukrainaga bosqini esa Rossiyaning kamchiligini yanada ochiqlab berdi. Mamlakatdagi huquqiy holat falajlanganini isbotlovchi yetarlicha asoslar mavjud. So‘nggi paytlarda Rossiyadagi eng yirik online marketpleys sanaladigan “Wildberries” atrofidagi voqealar esa buni yaqqol ko‘rsatib berdi. Er-xotin Vladislav va Tatyana Bakalchuklar tomonidan 20 yil oldin asos solingan va bugun o‘rtadagi kelishmovchiliklar sabab o‘z ortidan yirik mojaroni ergashtirgan voqealardan allaqachon ko‘pchilikning xabari bor. Kompaniya ustida mol talashayotgan sobiq er-xotinlar, ushbu kelishmovchilikni sud orqali emas, balki qonundan tashqari maydonda hal qilmoqchi bo‘layotgani, shuning uchun er bu masalani hal qilishda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga, xotin esa Dog‘istonlik milliarder va senator Suleyman Kerimovga murojaat qilganining o‘zi Rossiya qonunchiligida yirik teshiklar mavjudligidan dalolat beradi.
Odatiy “uchlik”dan javob
Mironov tomonidan O‘zbekistonga yo‘llangan so‘zlar esa javobsiz qolmadi, albatta. Rossiya rasmiylarining rasmiy Toshkent manziliga uloqtiradigan hamlalariga javob berishga shay bo‘lgan doimgi “uchlik” “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayevlar Mironovga javob qaytardi. Alisher Qodirov o‘zining X va Telegram'dagi sahifalarida o‘zbeklar barakali xalq ekani va o‘z haqqini odam o‘ldirib emas, balki mehnat qilib toshini, Rossiyani esa Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini yozib qoldirdi.
“O‘zbeklar barakali xalq, haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham vatanni himoya qilishni o‘zbeklardek muqaddas burch deb hisoblaydilar?” deb yozdi Qodirov.
Bekmurodov esa rossiyalik deputatga “bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini” eslatib, ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid soluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlik ekanini ta’kidladi.
“Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli. Ikkinchidan, Vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir”, deya yozgan deputat o‘zining Telegram-kanalida.
Bobur Bekmurodov o‘z so‘ziga qo‘shimcha tarzda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnomaning 7-moddasini ham eslatib o‘tgan. Unga ko‘ra, “bir tomon fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini boshqa tomon hududida kafolatlaydigan samarali choralar ko‘radi”.
“Bizda qonunlar ishlaydi. Sizlarda ham shunday bo‘lishi kerak. Bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, degan Oliy Majlis deputati.
Harakatlaridan shovinizm hidi anqib turgan rossiyalik senatorga Kusherboyev tomonidan yo‘llangan javobida, viza rejimi joriy qilish kabi tahdid Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘ziga qaram davlat sifatida ko‘rishi va ular ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni buzish uchun bahona izlayotganiga ishora deb hisoblashi bayon etildi.
“O‘zbekiston diplomatik idorasi O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan normalarni o‘z fuqarolariga eslatgani uchun Rossiyadan viza rejimi joriy etish tahdidi yangrayotgani, Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘zlariga qaram davlat sifatida ko‘rishini anglatmoqda. Afsuski, yuqori martabali siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini ko‘rsatmoqda”, deya yozgan Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida.
Shu o‘rinda migrantlarga eslatma. Ukraina yerlarida davom etayotgan bosqin bir-biriga qon-qardosh bo‘lgan ikki sharqiy slavyan xalqlari – Rossiyaning Ukrainaga qarshi ochgan urushidir. Bu esa shuni ko‘rsatadiki, o‘z qardoshiga qarshi urush ochgan siyosiy elita uchun sizning hayotingiz sariq chaqalik ahamiyatga ega emas. Bosqinga jalb qilinish orqali shovinistlar qo‘lidagi oddiy sovuq qurolga aylanasiz xolos. Hech qanday taklif, mo‘maygina pul va urush imperiyasiga aylangan davlat fuqaroligi oila a’zolaringiz, norasidalaringizning bir tomchi ko‘z yoshiga arzimaydi. Kreml tomonidan berilayotgan bunday qimmatbaho va jimjimador va’dalar aslida narigi dunyo uchun “chipta” ekanligini unutmang!!!
LiveBarchasi