2023 yilning 1 sentyabridan davlat tashkilotlari quyosh paneliga o‘tishi shart
Jamiyat
−
11 fevral 2023
86082023 yil 1 sentyabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklatiladi hamda 2026 yilga qadar ularning binolari energiya iste’molining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.
Bu haqda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida 2023 yilda energiya iste’molining 30 foizini “yashil” energiyaga o‘tkazish hisobiga 448,7 mln kVt.soat elektr energiyasi, 2026 yilda esa 60 foizini o‘tkazish hisobiga o‘rtacha 897,4 mln kVt.soat elektr energiyasini iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi.
Dasturda endi muqobil energiya manbalaridan foydalanish tizimini joriy qilish uchun sharoit yaratilishi aytilgan. Xususan, quvvati 20 kVt va undan past bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarini past (0,23-0,4 kV) kuchlanishli elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shart olish talab etilmaydi.
“Natijada, quvvati 20 kVtgacha bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini tarmoqqa ulash uchun texnik shartlar olinib, shartnoma tuzish tartibotlari mavjud. Ushbu tartib ishga tushgandan so‘ng qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatmoqchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga qulaylik yaratiladi”, deya ta’kidlanadi dasturda.
Qolaversa, 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab yillik hajmi ikki ming tonnadan ortiq shartli yoqilg‘i yoki bir ming tonnadan ortiq motor yoqilg‘isiga teng energiya resurslarini sarflaydigan tashkilotlar uchun o‘z energiya iste’molini kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya hisobiga ta’minlash majburiyati yuklatiladi.
“Natijada, 2023–2026 yillar davomida iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energetika resurslarini iste’mol qilayotgan 25 ta yirik korxona va tashkilotning umumiy iste’mol hajmi 4 mlrd kVt.soat tashkil etishi inobatga olingan holda, ushbu tashkilotlar o‘z iste’molini kamida 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalar hisobidan ta’minlashi orqali kamida 1,2 mlrd kVt.soat elektr energiyasi tejalishiga erishiladi”, deya prognoz qilinmoqda hujjatda.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga olinadigan minimal energiya miqdori bo‘yicha esa talablarni bajarmagan tashkilotlar tomonidan yetishmagan energiya ulushiga mutanosib miqdorda “yashil” sertifikatlarni sotib olish talabi kiritiladi.
“Bunday talab tashkilotlarni energiya samaradorligini oshirish borasida rag‘batlantiradi, sertifikat sotuvidan tushgan mablag‘ esa “yashil” texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Umumiy iste’molining 30 foizini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish talabi bajarilmagan taqdirda, mazkur tashkilot tomonidan ushbu maqsadga erishish uchun yetishmagan energiya ulushiga mutanosib miqdorda har 1 MVt uchun bitta “yashil” sertifikatni sotib oladi”, deya qayd etiladi dastur matnida.
Shuningdek, 2023 yil 1 iyuldan boshlab tabiiy gazni yoqilg‘i quyish shoxobchalariga gaz hajmining onlayn hisobini yuritish tizimi, sotilgan gaz miqdorining aniq hisobini yuritishni ta’minlovchi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan dastur mavjud bo‘lgan hollardagina yetkazib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilangan.
Buning natijasida esa onlayn hisobni yuritish tizimi orqali ob’ektlarda tabiiy gazning behuda sarflanishi, ulardan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish bo‘yicha tizimli monitoring shakllantirilishi ko‘zlangan.
LiveBarchasi