2023 yilgi Uimbldon g‘olibi 4 yilga diskvalifikatsiya qilindi
Sport
−
23 iyun 812 2 daqiqa
Xalqaro tennis yaxlitligi agentligi (ITIA) chexiyalik tennischi Marketa Vondroushovani dopingga qarshi qoidalarni buzgani uchun to‘rt yil muddatga diskvalifikatsiya qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, jazo tennischining 2025 yil dekabr oyida doping nazoratidan o‘tishdan bosh tortgani bilan bog‘liq. Vondroushova bu qarorini stress, ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar hamda xavfsizligi yuzasidan xavotirlar bilan izohlagan.
Biroq mustaqil tribunal ishni ko‘rib chiqib, antidoping nazoratini o‘tkazishga uringan mutasaddining ko‘rsatmalarini ham inobatga olgan va sportchining rad javobi uchun hech qanday asosli sabab bo‘lmagan, degan xulosaga kelgan.
Diskvalifikatsiya muddati 2030 yil 21 iyunda yakunlanadi. Ushbu davr mobaynida Vondroushovaga Xalqaro tennis federatsiyasi, Ayollar tennis assotsiatsiyasi, Professional tennischilar assotsiatsiyasi, “Katta dubulg‘a” turnirlari yoki milliy tennis uyushmalari tomonidan tashkil etiladigan va tasdiqlanadigan musobaqalarda ishtirok etish, murabbiylik qilish hamda boshqa rasmiy faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.
Shuningdek, Xalqaro tennis federatsiyasi va milliy antidoping tashkiloti mazkur qaror ustidan Sport arbitraj sudiga shikoyat kiritish huquqiga ega.
Ma’lumot uchun, 26 yoshli Vondroushova ayni paytda jahon reytingida 122-o‘rinni egallab turibdi. U joriy yilning yanvar oyidan buyon musobaqalarda ishtirok etmayapti. O‘shanda u Avstraliyaning Adelaida shahrida bo‘lib o‘tgan turnirning ikkinchi bosqich bahsidan chetlatilgan edi.
Chexiyalik tennischi faoliyati davomidagi eng yuqori natijasini 2023 yilda qayd etgan. O‘sha yili u jahon reytingida 6-o‘ringacha ko‘tarilgan va faoliyatidagi yagona “Katta dubulg‘a” turniri – Uimbldon musobaqasida g‘olib chiqqan.
Bundan tashqari, Vondroushova 2019 yilda Fransiya ochiq chempionati finaligacha yetib borgan, 2021 yilda esa Tokio Olimpiadasida kumush medal sohibi bo‘lgan.
Live
Barchasi