2023 yilda OTM o‘qituvchilarining maoshi oshadi. Lekin 1000 dollar emas

Jamiyat

image

2023 yil 1 apreldan boshlab Respublika bo‘yicha jami 27 ming nafar professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarining oylik maoshlari 20 foizga oshirilib, o‘rtacha 3 mln so‘mga teng bo‘ladi. Ushbu maqsadlarga joriy yilda 139 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Bu haqda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nazarda tutilgan.

Qayd etilishicha, professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari endilikda mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Shuningdek, professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Xalq ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokida “O‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimlari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tgan edi. Unda vazir Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, o‘qituvchilarning oyligi 1000 dollar bo‘lishini aytgan edi.

2023 yilga mo‘ljallangan davlat dasturida qolaversa, nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish, sohada litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida 2023 yil 1 avgustga qadar:

  • nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilishda ularning elektron kutubxonasi, axborot-resurs markazlari, o‘qituvchilarning toifalari, bir sinfda ta’lim oluvchilarning maksimal soniga qo‘yilgan talablarni yengillashtirilishi;
  • nodavlat ta’lim tashkilotlariga sport zali va talabalar dam olish joylarini ularga ijara va bepul foydalanish huquqi asosida tegishli bo‘lgan binolarda ham tashkil etishga ruxsat etilishi belgilangan.

“Natijada, ortiqcha va asossiz cheklovlarning bekor qilinishiga erishiladi va xususiy maktablar soni hozirgi 334 tadan (umumiy ulushning 3 foizidan) sezilarli oshiriladi. Masalan, litsenziya talablariga muvofiq xususiy maktablarni tashkil qilish uchun:

  • bitta sinfdagi ta’lim oluvchilarning maksimal soni 1–4-sinflarda – 20 nafardan, 5–9-sinflarda – 24 nafardan, 10–11-sinflarda – 20 nafardan oshmasligi lozim. Davlat maktablari uchun bu talab 30 nafarni tashkil qiladi;
  • kamida 30 ta kompyuter texnikasi bilan jihozlangan elektron kutubxonasi, kamida 5 ta kompyuter texnikasi, skaner va nusxa ko‘chirish apparati bilan jihozlangan axborot-resurs markazi, o‘z stadioni (o‘yin maydoni) va dam olish joylari bo‘lishi kerak”, deyilgan dasturda.

Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida o‘qituvchilarning 30 foizi – mutaxassislar, 30 foizi – ikkinchi,30 foizi – birinchi va 20 foizi – oliy malaka toifali bo‘lishi lozimligi ham belgilab berilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Jamoatchilik muhokamasi 17 fevralgacha davom etib, bunda har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz,  2023 yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga binoan har bir viloyatda bittadan Yevropa andozasidagi kollej va texnikumlar ochilishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

OTM o'qituvchi davlat dasturi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing