2021 yilda 9 ta yangi elektr stansiyasi ishga tushiriladi – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
15 yanvar 2021
53762021 yilda O‘zbekistonda 1387 megavattlik quvvatlar bo‘lgan 9 yangi elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2020 yilning o‘zida xorijiy investorlar bilan davlat-xususiy sherikligi asosida oltita yangi elektr stansiyalari qurilishi boshlab yuborilgan. Ularning umumiy qiymati 2 mlrd dollar, umumiy quvvati esa 2700 megavattni tashkil etadi.
2020 yilda investitsiya loyihalari bosqichlari amalga oshirilishi natijasida 2021 yilda mamlakatda 1387 megavattlik quvvatlar bo‘lgan 9 yangi elektr stansiyasi ishga tushiriladi.
Ulardan shu yilning oktyabr va noyabr oylarining o‘zida turk kompaniyalari bilan hamkorlikda quvvati 940 MVt bo‘lgan 4 ta yangi IES quriladi.
Shuningdek joriy yilning oktyabr oyida har birining quvvati 100 MVt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda (Samarqand viloyatida Total Eren (Fransiya), Navoiy viloyatida Masdar (BAA) o‘z loyihalarini amalga oshirmoqda).
Gidroenergetika sohasida 2021 yil iyun oyida GESning Chirchiq-Bo‘zsuv kaskadiga kiruvchi “Kamolot” gidroelektr stansiyasi qurilishi yakunlanadi. Shuningdek iyun oyida Surxondaryo viloyatidagi To‘polang daryosida Zarchob kichik GESlari kaskadini ishga tushirish ham rejalashtirilgan.