To‘rtta yirik kompaniya Surxondaryoda quyosh fotoelektr stansiyasi qurish uchun moliyaviy taklif kiritdi

Jamiyat

image

Bugun, 12 may kuni Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 200 MVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasini (QFES) qurish bo‘yicha loyihaning moliyaviy takliflarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, taqdimotdan so‘ng moliyaviy takliflar (tarif) natijalari e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, loyihani amalga oshirishga 54 ta xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Ulardan ikki bosqichli tanlovdan so‘ng 5 ta malakali ishtirokchilar o‘zlarining takliflarini (tijorat, texnik va moliyaviy) taqdim etdilar, shulardan 4 tasi moliyaviy takliflar bosqichida qatnashadi:

Moliyaviy takliflarning ochilish natijalari:

1) Abu Dhabi Future Energy Company PJSC (Masdar 457 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 1,8045 sent;

2) International Company for Water and Power Projects (ACWA Power 354 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 2,4825 sent;

3) Jinko Power (HK) Co., Ltd. China Power Holding International (500 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 2,1621 sent;

4) Total Eren S.A. TOTAL SOLAR INTL (400 MVt) – 1 kVt.s elektr energiyasi uchun 3,3940 sent.

Moliyaviy takliflarning talab qilingan mezonlarga muvofiqligini baholagandan so‘ng, loyihani amalga oshiradigan investorning nomi e’lon qilinadi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ko‘magi bilan amalga oshirilayotgan umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish dasturining bir qismi hisoblanadi. Dastur O‘zbekiston Energetika vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan amalga oshirilmoqda. 

Ushbu Dastur mamlakatda tobora ortib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish uchun 2030 yilga qadar mamlakatda 5 GVtgacha ekologik toza quyosh energiyasini ishlab chiqarish strategiyasining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ushbu Dastur doirasida kamida 200 MVt o‘zgaruvchan tok quvvatiga ega bo‘lgan QFES loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida ishlab chiqaruvchi – investor 220 kV yangi podstansiyani va 500 kVli Surxon podstansiyasiga ulanish uchun 52 km elektr uzatish tarmog‘ini qurishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

elektr stantsiyasi

Baholaganlar

51

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing