200 ga yaqin qiruvchi, 30 ta bomba: Xomanaiy qanday o‘ldirildi?
Olam
−
01 mart 19001 4 daqiqa
Halok bo‘lgan Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning qarorgohiga AQSH va Isroil tomonidan uyushtirilgan hujum chog‘ida 30 ta bomba tashlangan. “The Wall Street Journal” nashri hujum operatsiyasi tafsilotlarini ochiqladi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Isroil va Amerika harbiy razvedkasi uzoq vaqt davomida kuzatuv olib borib, kamdan kam uchraydigan imkoniyatni kutishgan. Gap Eronning yuqori martabali siyosiy va harbiy rahbarlari ishtirokidagi uchrashuv haqida ketmoqda, unda “ularning barchasini bir vaqtning o‘zida yo‘q qilish” mumkin bo‘lgan.
“Isroil rasmiylariga ko‘ra, razvedka xodimlari bitta emas, balki uchta uchrashuvni aniqlagan. Ular Eronda asosiy qaror qabul qiluvchi shaxs va diniy rahbar – Oyatulloh Ali Xomanaiyning turgan joyini aniqlagan.
Vaziyat shu qadar noyob ediki, AQSH va Isroil harbiy samolyotlari kunduzi zarba berishdi. Isroil qiruvchilari Xomanaiy qarorgohiga 30 ta bomba tashladi va uni butunlay vayronaga aylantirdi”, deyiladi xabarda.
Isroil harbiy razvedkasining sobiq rahbari Amos Yadlinning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik hujumni tunda kutgan, kunduzgi hujum esa “taktik kutilmagan sovg‘a” bo‘lgan. Hujum Eron vaqti bilan ertalabki soat 10:00 ga yaqin kuchli raketa va aviazarbalar bilan boshlangan.
“Kechqurunga borib 200 ga yaqin Isroil qiruvchi samolyotlari 500 ga yaqin turli nishonlarga zarba bergan, bu Isroil tarixidagi eng yirik bir vaqtning o‘zida amalga oshirilgan havo kampaniyasi bo‘ldi”, deb xabar berdi Isroil harbiy qo‘mondonligi.
Isroil zarbalari asosan yuqori martabali mulozimlar va Eronning raketa salohiyatiga qaratilgan bo‘lsa, AQSH hujumlari raketa infratuzilmasi va harbiy nishonlarga yo‘naltirilgan.
“Zarbalar bilan parallel ravishda Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli kiberhujumlar uyushtirdi. Bu hujumlar OAV va mobil ilovalar orqali eronliklarni o‘z hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga chaqiruvchi xabarlarni tarqatishga qaratilgan edi.
Isroil musulmonlarga namoz vaqtlarini kuzatishda yordam beradigan va Eronda keng qo‘llaniladigan ilovani buzib kirdi. Natijada ilova Eron qurolli kuchlarini raqib tomonga o‘tishga chaqiruvchi va “yordam keldi” degan mazmundagi xabarlarni tarqata boshladi”, deb yozadi nashr.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi