200 dan ortiq o‘zbek harbiylari tojik-afg‘on chegarasiga bordi

Olam

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 200 dan ortiq askari qo‘shma mashg‘ulotlarda qatnashish uchun Tojikistonga keldi. Bu haqda Tojikiston hukumatidagi manbaga asoslanib xabar berilgan.  

Ta’kidlanishicha, harbiy kontingent Termizdan Xatlonning “Xarbmaydon” poligoniga qadar o‘z harbiy texnikasida 200 kilometrga yaqin masofani bosib o‘tgan. Kecha, 1 avgustdan o‘zbek askarlari va ofitserlari “Xarbmaydon” poligoniga qo‘mondonlik punktlarini joylashtirgan va o‘q otish joylarini o‘rnatishni boshlagan. 

O‘zbek askarlari va ofitserlari 5-10 avgust kunlari tojik-afg‘on chegarasi yaqinidagi poligonda o‘tkaziladigan Tojikiston, Rossiya va O‘zbekiston Qurolli kuchlari bo‘linmalarining qo‘shma mashg‘ulotlarida qatnashadi.

O‘zbekiston “Xarbmaydon” poligoniga 20 dan ortiq harbiy texnika ham yuborgan. Mashqlarda Tojikiston, Rossiya va O‘zbekiston harbiy xizmatchilari Afg‘onistondan Tojikiston hududiga to‘dalar ko‘chishi masalasida birgalikda harakatlar ishlab chiqadi. 

Mashqlarga aviatsiya, artilleriya, zirhli texnika, shuningdek, uch davlatning 2 mingdan ortiq askar va ofitserlari jalb qilinadi. 

Avvalroq, joriy yilning avgust va sentyabr oylarida Rossiya Qurolli kuchlari bo‘linmalari O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston harbiylari bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishi haqida xabar bergandik. Qayd etish kerakki, ushbu harbiy mashg‘ulotlarning bir qismi Surxondaryo viloyati Termiz shahri poligonlarida bo‘lib o‘tadi.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tojikiston O'zbekiston

Baholaganlar

95

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing