$20 ming mojarosi: o‘zbekistonlik ayol Turkiyada so‘roqqa olib ketildi (video)
3-sahifa
−
24 aprel 9962 2 daqiqa
Avvalroq, turkiyalik erkak o‘zbekistonlik ayol tomonidan 20 ming dollarga aldab ketilganini aytgan edi. Keyinchalik ayol bu iddaoni rad qilib, undan bu miqdordagi pulni olmaganini bildirdi. Kecha, 23 aprel kuni bu va bunga o‘xshash boshqa murojaatlar yuzasidan Istanbul politsiyasi G. ni surishtiruv o‘tkazish uchun olib ketdi. Bu haqda “ATV” telekanali xabar qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, turkiyalik Rajab O‘nder G. uchun 8 972 dollar (402 558 turk lirasi) sarflagan. G. bu mablag‘ni oyiga 400 dollardan qaytarishini ma’lum qilgan.
“Mening ham oilam, bolalarim bor. Oylik to‘lovlarim bor. Biroz ko‘proq ishlab bo‘lsa ham, oyiga 400 dollardan ko‘p berolmayman”, deydi ayol.
Shuningdek, G. haqida yana boshqa da’volar o‘rtaga chiqqan. Turkiyalik boshqa bir ayolning iddao qilishicha, turmush o‘rtog‘i G. ga 160 ming liraga yaqin mablag‘ yuborgan. Bundan tashqari, ayol eri uning tillalarini, uydagi 14 dona echki va 4 dona uloqchani ham G. uchun sarflaganini qo‘shimcha qilgan.
Bunga o‘xshash iddaolar bilan boshqa fuqarolar ham murojaat qilgach, Istanbul politsiyasi surishtiruv o‘tkazish uchun G. ni olib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Balikesir viloyatidan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi topilib, O‘zbekistonga qaytarilgandi. Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.
Shuningdek, oldinroq Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgan edi.
Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.
Bundan tashqari, Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik ayol ozarbayjonlik shaxs tarafidan jinsiy zo‘ravonlikka uchragandi.
Turkiyaning Istanbul viloyati Moltepa tumanida 2019 yilda yo‘qolgan deb qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ayol eri tomonidan o‘ldirilib, chiqindiga tashlangani aniqlangandi.
Qolaversa, Turkiyaning Bodrum shahrida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan 36 yoshli M.S. uyiga ketish uchun mingan avtomobilda ikki erkakning jinsiy tajovuziga uchragandi.
Live
Barchasi