Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi

3-sahifa

image

Joriy yilning 6 mart kuni Turkiyaning Balikesir viloyatidan topilgan 46 yoshli Dilafro‘z Cho‘liyevaning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, asli samarqandlik bo‘lgan Cho‘liyevaning jasadi qaytarilishida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘maklashgan.

“Vafot etgan fuqaro haqida ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlanmagan va o‘rganilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz hamda marhumaning yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.

Turkiyadagi uchinchi qotillik

Dilafro‘z Cho‘liyeva 2026 yil 25 yanvar kuni Turkiyaning Balikesir hududidagi ish joyidan noma’lum tomonga chiqib ketgan va bedarak yo‘qolgan. Shu munosabat bilan uning o‘g‘li O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti orqali murojaat yo‘llagan.

Mazkur murojaatdan so‘ng, O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan Turkiya Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yuborilgan hamda Turkiya Ichki ishlar vazirligi Xavfsizlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda qidiruv ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Anqaradagi elchixona va Istanbuldagi Bosh konsulxona, diaspora tashkilotlari, advokatlar hamda ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan qidiruv ishlari olib borilgan. Joriy yil 28 fevral kuni Balikesir tumanidagi o‘rmon hududidan shaxsi noma’lum jasad topilgan.

Jasad uzoq vaqt davomida qolib ketganligi sababli tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan. Shu bois topilgan jasad va marhumaning o‘g‘lidan qon namunalarini olish orqali tibbiy solishtiruv (DNA) tekshiruvlari o‘tkazilgan va jasad Dilafruz Cho‘liyevaga tegishli ekani tasdiqlangan.

Mazkur jinoyatni sodir etishda gumonlanib 4 nafar shaxs qo‘lga olingan bo‘lib, hozirgi vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda.

Oldinroq, Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi.

Keyinroq mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekistonga qaytarildi Dilafro'z Cho'lieva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing