2 nafar o‘zbekistonlik futbolchi Portugaliya klubiga o‘tdi
Sport
−
09 iyul 13315 1 daqiqa
O‘zbekiston U-20 terma jamoasi a’zolari Sadriddin Hasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning “Braga” klubi futbolchilariga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, futbolchilar 18 yoshda, ikkalasi ham 2025 yilda 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogida g‘olib chiqqan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasida to‘p surgan. Hasanov turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan final uchrashuvida (2:0) gollardan biriga mualliflik qilgan.
Ikkala futbolchi ham joriy mavsumda O‘zbekiston Superligasida debyut qildi. Sodiqov “Andijon” safida uchta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lsa, Hasanov Toshkentning “Bunyodkor” klubi tarkibida 6 ta uchrashuvda qatnashdi.
“Braga” (Sporting Clube de Braga) — Portugaliyaning shimolidagi Braga shahriga tegishli bo‘lgan, mamlakatning eng mashhur va kuchli professional futbol klublaridan biridir. U Portugaliya oliy divizioni – Premer ligada ishtirok etadi va “katta uchlik” (“Benfika”, “Portu”, “Sporting”)dan keyingi “to‘rtinchi grand” sifatida e’tirof etiladi. Klub Yevropada yosh iqtidorlarni kashf qilish va kuchli skautlik tizimi bilan juda mashhur hisoblanadi.
Live
Barchasi