2 ming yil oldin Yer yuzida 75 mingtagacha til mavjud bo‘lgan – tadqiqot
Bu qiziq
−
25 iyul 4775 3 daqiqa
Taxminan ikki ming yil oldin Yer yuzida 75 mingtagacha til mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkin va bu bugungidagidan deyarli o‘n baravar ko‘p. Oxirgi 12 ming yil ichidagi tillar xilma-xilligi o‘zgarishini modellashtirgan xalqaro tadqiqotchilar guruhi shunday xulosaga keldi. Bu haqdagi tadqiqot “Science” jurnalida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoda 7500 ga yaqin tirik til mavjud bo‘lib, har yili to‘rttadan ortig‘i yo‘qolib bormoqda. Shu paytgacha buning asosiy sabablari sifatida so‘nggi asrlardagi kolonial kengayish va ingliz, ispan, xitoy hamda hind kabi jahon tillarining tarqalishi hisoblanar edi. Biroq yangi tadqiqot tillar xilma-xilligining qisqarishi ancha erta – kamida ming yillar oldin, ilk ko‘p millatli davlatlar va imperiyalarning tarqalishi bilan bir vaqtda boshlanganini ko‘rsatmoqda.
Mualliflarning bildirishicha, ular real qadimgi tillarni qayta tiklamagan va arxeologik manbalarda o‘n minglab tillar mavjudligiga oid dalillarni topgani yo‘q. Buning o‘rniga ular etnografiya, demografiya va antropologiya ma’lumotlarini mujassamlashtirgan statistik model tuzgan. Tadqiqotchilar asos sifatida so‘nggi muzlik davri tugaganidan keyin (taxminan 12 ming yil oldin) boshlangan ilk davrlardagi odamlar jamoasiga eng yaqin muqobil deb hisoblanadigan zamonaviy ovchi-terimchilar jamiyatlarini olgan.
So‘ngra tadqiqotchilar odamlarning dehqonchilik va chorvachilikka o‘tishiga qarab tillar soni qanday o‘zgarganini modellashtirgan. Oziq-ovqat ishlab chiqarishning o‘sishi aholining tez ko‘payishiga va inson jamiyatlarining murakkablashishiga olib kelgan. Modelga ko‘ra, dastlab bu tillar xilma-xilligining o‘sishi bilan kechgan: odamlarning ko‘chib joylashishi va jamoalarning bo‘linishiga qarab yangi tillar paydo bo‘lgan. Bu jarayon o‘z maksimumiga taxminan 3000-2000 yil oldin yetgan. O‘shanda dunyoda, ehtimol, 75 mingtagacha til mavjud bo‘lgan. Shundan so‘ng, tillar soni kamaya boshlagan.
Modelning asosiy farzlaridan biri shundaki, har bir etnotil guruhiga bitta asosiy til to‘g‘ri keladi. Mualliflar aslida bu bog‘liqlik har doim ham bir xil emasligini tan oladi: odamlar ko‘p tilli bo‘lishi mumkin, bitta tildan esa bir nechta guruh foydalanishi mumkin. Shunga qaramay, tadqiqotchilarning etnografik tanlanmasida 87 foiz guruhlar haqiqatan ham bitta tilga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun ular bunday farzni asosli deb topgan.
Natijalarning ishonchliligini tekshirish uchun olimlar model parametrlarini ko‘p marotaba o‘zgartirib ko‘rgan: qadimgi aholi sonining turlicha baholarini, inson guruhlari o‘lchamlarining turli statistik taqsimotlarini, aholi o‘sishining muqobil ssenariylarini ishlatgan va hatto bitta til bir nechta etnik guruhlarni birlashtirishi mumkinligini taxmin qilgan. Barcha real ssenariylarda model bir xil manzarani qayta tikladi: tillar soni golotsenning katta qismi davomida o‘sgan, taxminan uch-ikki ming yil oldin eng yuqori nuqtasiga yetgan, so‘ng kamaya boshlagan. Faqat o‘ta ehtimoldan yiroq taxminlardagina model bu cho‘qqini ko‘rsatmay qo‘ygan.
Mualliflar, shuningdek, nima uchun bu xulosalarni tarixiy manbalardan ma’lum bo‘lgan tillarni oddiy sanoq bilan tekshirib bo‘lmasligini tushuntirgan. Yangi davrgacha aksariyat tillar yozuvga ega bo‘lmagan, tillarning global kataloglari mavjud bo‘lmagan, qadimgi mualliflar esa faqat o‘zlariga ma’lum bo‘lgan xalqlarni tasvirlagan. Bundan tashqari, bitta etnonim ko‘pincha bir-biriga tushunarsiz bo‘lgan juda ko‘p tillarni birlashtirgan. Shu sababli yozma manbalar o‘tmishdagi real tillar xilma-xilligiga juda past baho beradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, tillarning yo‘qolishi faqat tilshunoslik uchun ahamiyatli emas. Til odatda madaniyatning boshqa elementlari – an’analar, qarindoshlik tizimlari, diniy amaliyotlar va ijtimoiy tashkilot shakllari bilan birga o‘tadi. Shu sababli tilning yo‘qolishi madaniy merosning salmoqli qismi boy berilishini anglatadi. Zamonaviy tillar sonining qisqarishi esa, ehtimol, insoniyat madaniy xilma-xilligining ancha keng ko‘lamli yo‘qolishini aks ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xalqaro hakamlar hay’ati ilk bor dunyodagi eng go‘zal so‘zni tanlagandi. Bu Yangi Zelandiyaning tub aholisi bo‘lmish maori xalqi tilidagi “kaytiakitanga” (kaitiakitanga) so‘zi bo‘lib, u o‘zbek va boshqa ko‘plab tillarda aniq muqobilga ega emas.
Live
Barchasi