2,5 yoshli qizaloqning o‘limiga sababchi bo‘lgan bog‘cha rahbari qamaldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi MTT rahbarining mashinasida dimiqib qolib, vafot etgani haqida xabar berilgandi. Ushbu ish bo‘yicha bog‘cha rahbari aybli deb topilib, 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, 1994 yilda tug‘ilgan L.H. 2024 yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil qilgan va unga o‘zi rahbar bo‘lgan. U vafot etgan Z.I.ni yoshi yetmasa ham bog‘chaga qabul qilgan. 

Sudlanuvchi L.H. haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa-da turmush o‘rtog‘iga tegishli mashinada har kuni ertalab bolalarni uyidan bog‘chaga, kechqurun esa bog‘chadan uyiga olib borib yurgan. Xususan, joriy yilning 20 iyun kuni u 7 bolani mashinaga mindirib, bog‘chaga olib borgan. Bolalarni mashinadan tushirish paytida 2,5 yoshli Z.I.ni unutib qoldirgan. Z.I. 6 soat eshiklari va oynalari yopiq holatdagi mashina ichida qolib ketgan va nafas ololmasdan, dimiqib vafot etgan.

Joriy yilning 11 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida qizaloqning onasi bog‘cha rahbari L.H.ning e’tiborsizligini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligini aytgan va unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

L.H.ning o‘zi esa sudda aybiga iqror bo‘lgan va ko‘rsatma bergan. Uning bildirishicha, bog‘chada 25 bola ro‘yxatdan o‘tgan. Ayrim hollarda tanishlarining farzandlari ham kelib turgan. Bolalarni har kuni turmush o‘rtog‘i Spark mashinasida yashash uylaridan olib, bog‘chaga olib kelgan. Ayrim vaqtlarda mashina boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa ham ushbu mashinada o‘zi bolalarni uylaridan bog‘chaga olib kelgan va uylariga qaytarib olib borib yurgan. Xususan, joriy yilning 20 iyun kuni ertalab mahallada yashovchi 7 bolani uylaridan mashinada olib chiqqan. Ularning orasida aynan Z.I. ham bo‘lgan.

O‘sha kuni u bog‘chaga bolalarni olib kelgan va old o‘rindiqda o‘tirgan ikki bolani qo‘liga ko‘tarib, orqa o‘rindiqda o‘tirgan 5 nafar bolani tushirish uchun mashinaning orqa eshigini ochib qo‘ygan. Qo‘lidagi ikki bolani yo‘ldan bog‘cha tomonga o‘tqazib qo‘yib, mashina oldiga borayotganda bolalar o‘zlari tushganini ko‘rgan. Shu payt ulardan ikkisi xarxasha qilishni boshlagan. Shu bilan ovora bo‘lib qolib, mashinadan barcha bolalar tushgan-tushmaganiga e’tibor bermagan. Shundan so‘ng L.H. tushgacha bolalar bilan shug‘ullangan. Soat 13:00 larda tushlik qildirib, uxlatishga olib kirgan. Shundagina Z.I. ning yo‘qligini sezib qolgan. Shu vaqtda turmush o‘rtog‘i kelib, mashina kalitini so‘ragan va qizaloq mashina ichida qolib ketgani ma’lum bo‘lgan.

Sud hukmi bilan L.H. Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik odam o‘limiga sabab bo‘lishi) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan va unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 mart kuni Buxoro viloyati Buxoro tumanida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyachining e’tiborsizligi tufayli 2023 yilda tug‘ilgan bola elektr toki urishidan vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

bog'cha Qashqadaryo Koson

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing