1966 yil fojiasi: Toshkentni vayron qilgan zilzilaga 57 yil to‘ldi

Tahlil

image

Shu yilning mart oyida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan kuchli zilzila odamlarni biroz qo‘rqitib qo‘ydi. Ayniqsa, 6 fevraldagi Turkiya xalqi yuzlashgan 50 mingdan ziyod odamning o‘limiga sabab bo‘lgan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalardan chalg‘ib ulgurmagan xalqimiz o‘zi ham 6,6 balli yer silkinishini qarshi oldi. Ammo bu 1966 yil 26 aprel kuni sodir bo‘lgan zilzila oldida hech narma emasdi. O‘sha kuni tong sahar soat 5:22 da Toshkentda zilzila yuz berib, bir kun ichida butun boshli shaharning katta qismi vayronaga aylangan. 78 ming oila boshpanasiz qolgan. Bugun ushbu fojia sodir bo‘lganiga 57 yil to‘lyapti.

Ushbu maqola orqali Toshkentni titratgan zilzila, uning oqibatlari va qisqa vaqt ichida olib borilgan keng miqyosdagi qayta qurish ishlari hamda bugungi kunda bunday vayronagarchilikning takrorlanmasligi uchun olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritamiz.

Toshkent shahri seysmik jihatdan faol mintaqada joylashgan hududdir. 1966 yil 26 aprel tongida Toshkent vayronaga aylanadi. O‘sha kungi zilziladan avval juda kuchli portlash sodir bo‘lgan. Shahar chekkasida shafaq ko‘ringan. Keyinroq olimlar shafaq nima sababdan kelib chiqqanini tushuntirgan.

Zilzila o‘chog‘i 5-10 kilometr chuqurda joylashgani uchun yer ostida yig‘ilgan tektonik kuchlanish yer yuzasiga chiqish vaqtida elektr energiyasiga aylangan va Toshkent aholisiga mana shu energiya shafaq bo‘lib ko‘ringan.

Shahardagi zilzila markazi “Qashqar” (Qoshg‘ar) mahallasi va “Labzak” o‘rnida bo‘lgan. Hududda vertikal zarblar kuchining magnitudasi 5,3 ga teng, silkinish 8 balldan ziyod, maksimal vayronalik maydoni 10-12 kvadrat kilometrni tashkil qilgan. Yerning 2-3 gers chastotada silkinishi 10-12 daqiqa davom etgan. Shu yili 9 maydan 10 mayga o‘tar kechasi, 24 may va 5 iyunda (6-7 ballga teng) kuchli silkinishlar takrorlangan.

Birinchi kuchli zarbadan so‘ng silkinishlar soni 500 dan ortgan, ulardan bir nechtasining kuchi 7 ballga yaqinlashgan. Ayniqsa, 1966 yilning 7, 9, 24 may, 4-iyun, 29-iyul kunlari sodir bo‘lgan tebranishlar uyjoylarni vayron qilgan. Asosiy tebranish 1966—68 yillar mobaynida yuz berib turgan bir qancha aftershoklar bilan davom etgan. Markaziy seysmik stansiya zilzilaning kaytalab turishi 2000 dan ortiq bo‘lganligini qayd etgan.

Zilzila oqibatida 2 million metr kvadratdan ziyod turar-joy maydoni, 236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va ovqatlanish shoxobchalari, 26 ta kommunal xo‘jalik korxonasi, 180 ga yaqin o‘quv yurti, 8 ming o‘rinli maktablar, 36 ta madaniy-maishiy muassasa, 185 ta tibbiyot va 245 ta sanoat korxona binolari jiddiy talofat ko‘rdi. 78 ming oila yoki 300 ming odam (o‘shanda Toshkentda yarim million aholi istiqomat qilgan) boshpanasiz qoldi.

Ayrim manbalarda zilzilada 8 kishi halok bo‘lib, 150 ga yaqin kishi jarohatlangan deyiladi. Boshqalari esa raqamlar ancha jiddiy tus olganidan xabar beradi.

Voqea yuz berishi bilan hukumat barchasini nazoratiga olgan. Toshkentga mingdan ortiq chodir joylashtirildi, 600 ga yaqin vaqtinchalik oziq-ovqat do‘konlari tashkil qilindi. Suv ta’minoti uzluksiz ishladi. Bu bilan o‘z navbatida shaharda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan epidemiyaning oldi olindi.

Eng qizig‘i, manbalar shaharda o‘sha vaqti talonchilik holati umuman kuzatilmaganini aytadi. SSSRning barcha davlatlaridan Toshkentga turli ko‘rinishda yordamlar kela boshladi.

“Pomogite Tashkentu!” – poytaxtning qayta tiklanishi

Shahar chodirlar, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, jihozlar bilan ta’minlandi. Fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy mablag‘larini o‘tkazadigan jamg‘arma tashkil qilindi. O‘sha vaqtda SSSRda pul birligi rubl bo‘lgan. Mazkur jamg‘armaga 10 million rubldan ortiq pul kelib tushgan. Mablag‘ning 5,5 million rubli yakka tartibdagi turar-joy binolarini ta’mirlash uchun tuman ijroiya qo‘mitalari tomonidan egalariga ajratilgan.

Pulning bir qismi shaharda o‘yin maydonlari qurish, odamlar joylashtirilgan vaqtinchalik lagerlarda bepul ovqatlanish va boshqalarga yo‘naltirilgan. 15 mingdan ortiq oila o‘z roziligi bilan O‘zbekistonning boshqa hududlari yoki qo‘shni davlatlarga joylashtirilgan.

Poytaxtni qayta qurish uchun qo‘shni davlatlardan minglab odamlar jalb qilindi. 1966 yilning dekabrida qurilish ishlarining birinchi bosqichi tugadi. 300 mingdan ziyod fuqarolar boshpanali bo‘ldi. Qisqa vaqt – uch yarim yil ichida zilzila oqibatlari to‘liq bartaraf etildi. 

Siyosatchilar o‘sha vaqtdagi zilziladan O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Birinchi Kotibi (O‘zbekistondagi birinchi shaxs) Sharof Rashidovni unumli foydalangani, Toshkentni tiklash uchun Kremldan yetarlicha yordam ololgani va shahar zamonaviy ko‘rinishga kelganini e’tirof etadi. O‘sha vaqtdagi o‘zbek hukumatining favqulodda vaziyatlarda harakatlanadigan tashkilotisiz vaziyatga to‘liq baho bera olganini mutaxassislar yuqori baholaydi.

Zilziladan 10 yil o‘tgach, 1976 yil 20 may kuni hodisaga atab, Toshkentda “Jasorat” monumental majmuasi o‘rnatilgan. Granit poydevorga qora labradoritdan yasalgan kub o‘rnatilgan, uning bir tomonida 26 aprel 1966 yil sanasi bitilgan. Ikkinchi tomonida siferblatlari 05:22 ni ko‘rsatib turgan soat o‘yilgan. Kubdagi darz yerning yorilishi ramzi bo‘lib, to  bolasini bag‘riga bosgan ayol va ularni tabiiy ofatdan ko‘ksi bilan to‘sib turgan erkakning bronza haykali poyigacha davom etgan. Monument foni bo‘lib Toshkentning qayta tiklanishini aks ettiruvchi bo‘rtma kompozitsiya xizmat qiladi.

Zilzila ortidan o‘sha yilning oktyabr oyida Sobiq ittifoqda birinchi bo‘lib, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibida Seysmologiya instituti ham tashkil etildi. Institutning asosiy vazifalari sifatida zilzilalarning sababini o‘rganish, ularning sodir bo‘lishini oldindan bilish mumkin bo‘lgan tadqiqotlar olib borish edi. Seysmologiya instituti tuzilgani bir necha marta o‘zini oqladi. Xususan, 1976 yil 17 maydagi Gazlidagi, 1978 yil 1 noyabrdagi Oloy, 1984 yil 18 fevraldagi Pop zilzilalari yuz berishi oldindan aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent zilzila 1966 yil fojiasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing