18 maydan avtomobil boshqarishga o‘rnatilgan cheklovlar birin-ketin bekor qilinadi
Jamiyat
−
15 may 2020
23735Joriy yilning 18 mayidan boshlab O‘zbekistonda karantin davrida shaxsiy avtomobillardan foydalanishga nisbatan o‘rnatilgan cheklovlar bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Bu haqda O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 14 maydagi qarorida aytilgan.
Shaxsiy avtomobillarning harakati bo‘yicha cheklovlarni bosqichma-bosqich BEKOR QILISH yuzasidan quyidagi tartib joriy etilmoqda:
“yashil” toifadagi hududlarda — Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishining 2020 yil 6 maydagi 21-son bayoni bilan avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat berilgan;
“sariq” toifadagi hududlarda — soat 06:00dan – 22:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bunda avtotransport vositalarining salonida 4 kishidan ortiq odam bo‘lmasligi lozim;
“qizil” toifadagi hududlarda– avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishiga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00 dan – 10:00 gacha, 17:00 dan – 20:00 gacha) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, tibbiy buyumlar, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining 28 martdagi qarori bilan 30 martdan 20 aprelgacha Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida DXA tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)siz avtomobil boshqarishga nisbatan cheklovlar o‘rnatildi. Keyinroq, bu cheklovlar velosiped va skuterlarga ham joriy qilindi.
LiveBarchasi