“Seliy bozor-a” – Jizzax hokimining sobiq o‘rinbosari o‘margan pullarini nimaga sarflagani aytildi
Jamiyat
−
23 aprel 2021
24365Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov 2018 yilda lavozimga tayinlangach, uyushgan jinoiy guruh tuzib, qariyb 20 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida aytib o‘tdi.
Yo‘ldoshev Jizzax viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulovning korrupsiyaviy qilmishlari to‘liq fosh etilishida jamoatchilikning hissasi katta bo‘lganini ta’kidladi.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov 2018 yilda viloyat hokimi o‘rinbosari etib tayinlangach, uyushgan jinoiy guruh tuzib, milliardlab byudjet mablag‘larini talon-toroj qilib kelgan. Shu maqsadda viloyatda qurilish sohasi rahbarligiga hamda viloyat tender komissiyasiga tanish-bilishlarini “qo‘yib”, ular orqali o‘zining g‘arazli maqsadlariga sharoit yaratgan.
Xususan, 2018—2020 yillarda Rahmonqulov jami 494 mlrd so‘mlik 82 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘zining rahnamoligidagi 9 ta pudrat tashkilotlariga topshirib, qurilish ishlari hajmini sun’iy ravishda oshirilgan narxlarda rasmiylashtirish, qo‘shib yozish orqali qariyb 20 mlrd so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bu hozirgacha tergovda aniqlangani.
“Tergovda Rahmonqulovga tegishli korxonalarda 12 mlrd so‘m, Jizzax shahridagi “Eski shahar” buyum bozorida qurilgan 172 ta savdo do‘koni, ko‘p qavatli uylarda 14 ta xonadon, 43 ta avtomashina, 37 ta boshqa ko‘chmas mulklar borligi aniqlanib, zararni undirish uchun xatlandi. Hozirda Rahmonqulov va uning 10 nafar jinoiy sheriklari qamoqqa olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda”, dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Ma’lumot uchun, Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi Akrom Rahmonqulovga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi va 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Rahmonqulovning korrupsion qilmishlariga munosabat bildirib, uni hozirgi siyosatga xiyonat qilganlikda ayblagandi.
LiveBarchasi