Jizzaxning sobiq “zamhokimi” qamoq muddati tugamay ozodlikka chiqdimi?
3-sahifa
−
29 fevral
7032Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyati hokimining 7,5 yilga qamalgan sobiq o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov ozodlikka chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ bunga aniqlik kiritish maqsadida Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov bilan bog‘landi.
Uning bizga ma’lum qilishicha, Rahmonqulov hozirda Toshkent viloyatidagi manzil-koloniyada jazo o‘tamoqda.
Ma’lumot uchun, 2021 yilning 10 yanvar kuni “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi tomonidan Jizzax shahrining “Zilol” mahallasi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli bino oxiriga yetmay qulab tushgandi. Hodisa Prezident Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga tashrifi oldidan sodir bo‘lgan.
Bino qulashi ortidan viloyat hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Akrom Rahmonqulov lavozimidan ozod etilib, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Prezident ushbu holatga munosabat bildirib, Akrom Rahmonqulovni “prezident siyosatiga xiyonat qilgan”ligini aytgan.
Mamlakat Bosh prokuroriga ko‘ra, Akrom Rahmonqulov 2018 yilda lavozimga tayinlangach, uyushgan jinoiy guruh tuzib, qariyb 20 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.
2021 yil 29 dekabr kuni Toshkent viloyat sudida Akrom Rahmonqulov va boshqalarga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni yakunlanib, hukm o‘qildi. Unga ko‘ra, Akrom Rahmonkulov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 189-moddasi 1-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 207-moddasi 1-qismi, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravari miqdorida ya’ni, 111 500 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
LiveBarchasi