Hokimlar tomonidan noqonuniy yer ajratish yildan-yilga ortmoqda – Oliy sud
Jamiyat
−
29 yanvar 2022
5957So‘nggi vaqtlarda o‘qituvchi yoki shifokorlar 500 ming yoki 5 mln so‘m pora bilan qo‘lga tushayotgani haqida ko‘p eshityapmiz. Afsuski, yangi O‘zbekistonda “snos”lar va hokimbuvalarning noqonuniy yer ajratish holatlari ham avj olgani ayni haqiqat. Xo‘sh, 2021 yilda qancha hokim noqonuniy yer ajratgani uchun javobgarlikka tortilgan? QALAMPIR.UZ aynan shu savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosarlariga yuzlandi.
“Yaqindagina Toshkent viloyatida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari (Akrom Rahmonqulov) aynan noqonuniy yer ajratgani uchun javobgarlikka tortildi. Unga tegishli jazo qo‘llanildi”, deydi Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov.
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova Ma’muriy sudlarda ko‘rilayotgan ishlarning asosiysi, ya’ni 55 foizi mahalliy hokimlar qarorining qonuniy ekanini tekshirish masalasiga oid ekanini qo‘shimcha qildi.
“Shu yilning o‘zida 5033 ta ya’ni ishlarning 55 foizi aynan mahalliy hokimlarning qarori qonuniyligi bo‘yicha ko‘rilgan. Haqiqatan ham ishlarning 2184 tasi, ya’ni 43 foizi qanoatlantirilgan va haqiqiy emas, deb topilgan. Aynan shu qonunbuzarliklarni oldini olish uchun 1233 ta xususiy ajrim chiqarilgan”, deydi Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari.
Statistikaga ko‘ra, so‘nggi besh yilda jami 6024 ta hokim qarorlari haqiqiy emasligi aniqlangan. Masalan:
• 2017 yilda 218 ta;
• 2018 yilda 770 ta;
• 2019 yilda 1 255 ta;
• 2020 yilda 1 597 ta;
• 2021 yilda 2 184 ta.
Yuqoridagi raqamlar kishini ajablantiradi. Kundan-kunga korrupsiya bilan jadal kurash olib borilayotgan Yangi O‘zbekistonda raqamlar boshqa natijani ko‘rsatmoqda. Hokimbuvalar yil o‘tgan sayin yana va yana noqonuniy yer ajratishdan charchamagan ko‘rinishadi. Besh yil ichida 6024 ta hokim qarorlari haqiqiy emasligi aniqlangan, ularning 43 foizi qanoatlantirilgan va haqiqat emas, deb topilgan lekin qo‘l bilan sanarli hokimlar javobgarlikka tortilgan.