“Jizzaxcha tender”: xiyonatda ayblangan hokim o‘rinbosariga jinoiy ish ochildi
Jamiyat
−
22 yanvar 2021
9196Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Hisob palatasi tomonidan Jizzax viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmachiligidagi qurilish ob’ektlarida davlat xaridlari, davlat mulkini boshqarish hamda undan foydalanishda qonun hujjatlariga rioya etilishi o‘rganilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda.
O‘rganishlarda Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti, hududiy Monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi, Davlat soliq boshqarmasi, Qurilish vazirligi va boshqa soha mutaxassislari ham ishtirok etgan.
Ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi ma’muriy binosining qurilishi yuzasidan o‘tkazilgan tanlov hujjatlari o‘rganilganida, xarid komissiyasi a’zolari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarilmagani, tanlov ishtirokchilari va komissiya a’zolari o‘rtasida affillanganlik xususiyatiga ega aloqalar mavjudligini bila turib, bunga qonuniy munosabat bildirmagani va hujjatlarni soxtalashtirgani aniqlangan.
Tanlov komissiyasi a’zolari qurilish ob’ekti bo‘yicha tanlovda ishtirok etgan barcha talabgorlarning (“Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi, “Kamol” ko‘p tarmoqli qurilish korxonasi va “Abduvohid Qurilish Ta’mir” MCHJlar) 100 foiz ulushi tanlov komissiyasi raisi (viloyat hokimining sobiq o‘rinbosari) A.R. ning yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lganini bila turib, bunga biron-bir qonuniy munosabat bildirmagan va bayonnomaga bu haqdagi ma’lumot kiritilmagan.
Shuningdek, tanlov hujjatlarini o‘rganish davomida g‘olib deb topilgan “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi mansabdor shaxslari tanlovda noqonuniy g‘oliblikni qo‘lga kiritish maqsadida korxona moliyaviy ko‘rsatkichlari, ishchi xodimlarning qurilish sohasidagi ma’lumoti va ish tajribasi, shuningdek, tanlovda yuqori ball olishda inobatga olinadigan ma’lumotlarni qasddan oshirib ko‘rsatilgani aniqlangan.
Mazkur holatlarga hujjatlarni ko‘rib chiqqan xarid komissiyasi a’zolari qonuniy munosabat bildirish o‘rniga, yig‘ilish bayonnomalariga soxta yozuv va ma’lumotlarni kiritish yo‘li bilan qalbakilashtirib, korxonani asossiz g‘olib deb topgani ma’lum bo‘lgan.
Yuqoridagilarning natijasida, tanlovda noqonuniy g‘olib bo‘lgan “Qurilish ta’minoti” ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish korxonasi tomonidan ma’muriy binoning qurilishida bajarilmagan 1 mlrdga yaqin (905 mln so‘m yoki ob’ekt umumiy qiymatining 8 foizi) qurilish ishlarini to‘lovga asos bo‘lgan hujjatlarida qo‘shib yozib kiritib, shu miqdordagi davlat byudjeti mablag‘lari talon-toroj qilinganligi ma’lum bo‘lgan.
Agentlik tomonidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonuniy baho berilishi uchun Jizzax viloyat prokuraturasiga yuborilgan.
Mazkur hujjatlar bo‘yicha prokuratura tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish yakunlari bo‘yicha Jizzax viloyatida qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish komissiyasi raisi A.R. ga, shuningdek, komissiya va boshqa tashkilotlar, xususiy korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi, 209-moddasi va 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Holat yuzasidan kelgusida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari hozirgi siyosatga xiyonat qilganlikda ayblagandi.
LiveBarchasi