16 yanvardan barcha OTMlarda an’anaviy ta’lim boshlanadimi? Vazirlik izoh berdi

Jamiyat

Bugun, 12 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda 2021 yil 16 yanvardan barcha oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonlari an’anaviy shaklga qaytishi haqida xabarlar tarqaldi. Bu gaplar rost yo yolg‘onligi yuzasidan tahririyatimizga ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Shularni inobatga olgan holda biz Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Matbuot kotibi Farhod Babashev bilan bog‘landik. 

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakili mazkur xabarlarga munosabat bildirib, ular haqiqatdan yiroq ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida ta’limni to‘liq an’anaviy shaklda davom ettirish rejalashtirilmagan. 

“16 yanvardan an’anaviy shaklda o‘qish boshlanadi, degan xabarlar haqiqatga ziddir. Bu masalada vazirlik rahbariyati muhokamalar yoki rejalarni ko‘rayotgani yo‘q. Hozirgi paytda 16 dekabrdan OTMlar o‘z imkoniyatidan kelib chiqib, kurslar kesimida ta’lim shakllariga qarab, o‘quv jarayonini tashkil qilgan va shu shaklda o‘quv jarayoni davom etaveradi”, deydi vazirlik Matbuot kotibi Farhod Babashev QALAMPIR.UZ`ga vaziyat bo‘yicha izoh berib.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda joriy yilning 15 mart kuni koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilgach, barcha ta’lim muassasalari, jumladan institut va universitetlar faoliyati ham masofaviyga o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 12 noyabrda o‘tkazilgan yig‘ilishi bayoniga ko‘ra, mamlakatdagi oliy ta’lim muassasalarining 16 noyabrdan boshlab an’anaviy ta’limga qaytishiga ruxsat berildi. Bunda barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy yilning 16 noyabridan oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va reja-grafik asosida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda davom ettirish belgilandi

Avvalroq, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida qishki ta’til odatdagidan ertaroq boshlanishi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

OTM talaba

Baholaganlar

610

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing