22 ta deputat Bobojonovga “Bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavha yuzasidan murojaat yo‘lladi

Jamiyat

image
Deputat va ichki ishlar o‘rtasidagi janjal deputatlarga qaratilgan fitnami? Kusherboyev bilan intervyu north_east

Deputat va ichki ishlar o‘rtasidagi janjal deputatlarga qaratilgan fitnami? Kusherboyev bilan intervyu

Yaqinda IIV Axborot xizmati tomonidan xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida turadigan ichki ishlar xodimlari janjali aks etgan videolavha tarqatildi. Jamoatchilik tomonidan kuchli tanqidga uchragan video IIV xodimlari manfaati yo‘lida tayyorlangani aytilmoqda.

Kecha, 21 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir necha nafar deputati Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat yo‘lladi. Murojaatda YPX inspektorining xizmat “bodi-kamera”sida tasvirga olingan video materiallarni to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi, lavha noxolis tayyorlangan bo‘lsa, aybdorlarga intizomiy jazo chorasi ko‘rilishi, bu haqda jamoatchilikka xabar qilinishi va boshqalar so‘ralgan.

Unga ko‘ra, “Bosar-tusarini bilmagan deputat” nomli videolavha keng jamoatchilik orasida jiddiy muhokamalarni keltirib chiqardi. Ya’ni, jamoatchilik tomonidan “deputat” so‘zining sarlavhaga olib chiqilishi va matn davomida kamida 10 martadan ko‘p ishlatilishi, shuningdek, Oliy Majlis deputatining yaqindagina e’lon qilingan munosabatiga noo‘rin izoh berilganligi va qoidabuzarning so‘zlarini kontekstdan “qirqib olib” noo‘rin montaj qilingani asosiy vajlar sifatida keltirilmoqda.

Voqeaga ko‘ra, 2020 yil 15 aprel kuni Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida Xalq deputatlari shahar kengashining deputati Tolib Muhammadiyev bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlari o‘rtasidagi tortishuv jarayonlari aks etgan. Rolik so‘nggida esa Namangan shahar prokuraturasi tomonidan shu yil 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi, 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotgani haqida so‘z boradi.

Videotasvirdagi holatdan tushunish mumkinki, taraflar ushbu vaziyatga qiziqqonlik bilan yondoshmay, bir-birlarini to‘g‘ri tushunganida mavzu bo‘yicha turli xil bahsli muhokamalar kelib chiqmagan bo‘lishi mumkin edi.

Biroq voqeaning keyingi rivoji masalani yanada chigallashtirib yubordi. Ya’ni, Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashining 19 aprel kungi navbatdan tashqari sessiyasida Kengashning 16 apreldagi qarori bekor qilinib, shahar prokurorining Tolib Muhamadaliyevga oid taqdimnomasi rad etilgan.

“Xullas, ushbu masala 16-20 aprel kunlari oralig‘ida shahar kengashi tomonidan ikki marotaba jiddiy muhokama qilindi, Respublika darajasidagi OAVda 8 ta turli pozitsiyadagi material e’lon qilindi. Qolaversa, videolavha internet va ijtimoiy tarmoqlarda qirqdan ortiq postlar orqali o‘rinli-o‘rinsiz munozaralarga ham sabab bo‘lyapti.

Biz, bir guruh Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajargan ichki ishlar xodimlariga nisbatan noto‘g‘ri tushuncha va ayblovlarning oldini olish hamda qoidabuzar shaxslar xatti-harakatiga qonuniy baho berilishi kafolatlangani haqidagi jamoatchilik fikrini shakllantirish tarafdorimiz”, deyiladi murojaatda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ushbu mavzuga chek qo‘yish maqsadida, Ichki ishlar vaziridan quyidagi chora-tadbirlar belgilanishida amaliy yordam berishi so‘ralgan:

1. IIV Axborot xizmati tomonidan e’lon qilingan videolavhada foydalanilgan, jumladan, voqea ishtirokchisi bo‘lgan YPX inspektorining xizmat “bodi-kamera”sida tasvirga olingan video materiallarni to‘liq shaklda (montajsiz) jamoatchilikka oshkor qilinishi;

2. Agar lavhani tayyorlash va e’lon qilishda noxolislik yoki bir taraflama yondashuvga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Axborot xizmati mas’ullarining intizomiy javobgarligi masalasini ko‘rib chiqish va bu haqda jamoatchilikka ma’lum qilinishi;

3. Voqeaning yakuniy muhokamasi yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga  Ichki ishlar vazirligi tomonidan axborot berilishi.

Murojaat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari, jumladan, Rasul Kusherboyev, Gulbahor Sayidg‘aniyeva, Umid Jabborov, Mag‘firat Xushvaqtova, Muxtor Xodjimatov, Sherbek Buranov, Muxtor Ibragimov, Nodir Jumayev, Mavluda Ibragimova, Odilbek Tojiyev, Shoxista Turg‘unova, Bahrom Raxmonaliyev, Nodirjon Abduvaliyev, Bekmirza Eshmurzayev, G‘ayrat Abdiyev, Ravshanbek Begmatov, Mohira Xodjayeva, Madina Baratova, Abdulla Ro‘zmetov, Umidaxon Zokirova, Nosirjon Aminovlarning takliflarini umumlashtirilgan holda, Doniyor G‘aniyev nomidan yuborilayotgani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ sayti videolavha yuzasidan tahliliy maqola tayyorlab, IIV Axborot xizmatiga bir qancha savollar yo‘llagandi. Biroq hozirgacha javob qaytarilmadi. Keyinroq holat yuzasidan ikkinchi taraf, xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyevning vajlari aks etgan maqola ham e’lon qilgandik.


 


Maqola muallifi

Teglar

Po'lat Bobojonov Deputat IIV Axborot xizmati Tolib Muhammadiev

Baholaganlar

319

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing