Deputat va ichki ishlar o‘rtasidagi janjal deputatlarga qaratilgan fitnami? Kusherboyev bilan intervyu

Intervyu

Yaqinda IIV Axborot xizmati tomonidan xalq deputatlari Namangan shahar kengashi deputati Tolib Muhammadiyev va Namangan shahriga kiraverishdagi “Qizilko‘prik” postida xizmat faoliyatini olib borayotgan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari janjali aks etgan lavha e’lon qilindi. Unda deputat karantin davrida o‘rnatilgan tartiblarni buzgani, shaxsiy avtomobilidan foydalangani, yonida yo‘lovchi (jiyani) bo‘lgani, u YPX xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, xodimning pogonini yulib olgani aytildi. Jamoatchilik tomonidan kuchli tanqidga uchragan video IIV xodimlari manfaati yo‘lida tayyorlangani muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.  

Keyinroq deputat o‘z vajlarini aytib, tanganing ikkinchi tomonini ko‘rsatdi. Joriy yilning 19 aprel kuni esa Namangan shahar xalq deputatlari Kengashi navbatdan tashqari sessiya o‘tkazib, o‘zining 16 aprel kuni prokuraturaning jinoyat ishi qo‘zg‘atishga rozilik berilgan qarorini bekor qildi. Hozircha holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur voqea yuzasidan QALAMPIR.UZ Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev bilan onlayn-muloqot qildi. Ushbu intervyuni to‘liq yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 

“Agar xato yoki huquqbuzarlik qilgan bo‘lsa, jamiyatda egallagan mavqe darajasidan qat’i nazar hamma javob berishi kerak. Agar haqiqatan ham xolis, hech qanday yolg‘on aralashtirilmagan va uyushtirilmagan bo‘lsa, men bunga to‘g‘ri qarayman. Lekin, shubhali vaziyat bo‘ladigan bo‘lsa, ochiqlanmagan va biryoqlama bo‘lsa, albatta, bu ko‘pchilik qatori menda ham e’tiroz keltirib chiqaradi”, deydi Kusherboyev.

Qonunchilik palatasi vakili o‘z so‘zida davom etarkan, bu mamlakatdagi barcha deputatlarga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini aytadi:

“Deputat – qanchadir odamning ishonchini qozonib, ovoz olgan odam. Uning ortida qanchadir ming odamning ovozi, ishonchi turibdi. Men ham bu vaziyatda ko‘proq deputatga ishonishga harakat qilaman, chunki unga mendan tashqari ko‘pchilik ishongan. Bunda holatga ob’ektiv qarashga harakat qilaman.  Namanganda bo‘lgan holat bo‘yicha masalaga umuman aloqasi bo‘lmagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining ham tiqishtirilishi, juda shubhali tuyuldi. Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati tomonidan tayyorlangan lavhada ham bu ko‘rinib turibdi. Faqat kesatiqdan iborat. Deputatlar bosar-tusarini bilmay qoldi, bilmasdan turib gapiradi degan mazmunda gap boradi.  Namangan shahar Xalq deputatlari kengashi a’zosi bilan bo‘lgan voqeaning fonida yo‘q joydan Oliy Majlis deputatlarining faoliyatiga baho berib ketilyapti”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning yanvar oyida parlamentning quyi va yuqori palatalari a’zolari bilan o‘tkazgan yig‘ilishida va Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida deputatlar xalq vakili ekaniga alohida urg‘u berib, mahalliy kengashlarning mavqeini oshirish masalasini dolzarb vazifa sifatida qo‘ygan edi. Ayni shunday bir vaqtda mahalliy kengash deputatiga nisbatan bunday munosabatni Oliy Majlis deputatlari qanday baholaydi? Agar xalqning vakili bosar-tusarini bilmayotgan bo‘lsa, bu xalq ham bosar-tusarini bilmayapti, degan ishora emasmi? Bu savolga nisbatan Kusherboyev quyidagicha munosabat bildirdi:

“Xuddi shunday signal. Prezidentimizning bir yaxshi gaplari bor: deputatga bepisandlik – xalqqa bepisandlik. Deputatga munosabat – xalqqa munosabat. Chunki, u xalqning vakili. Bitta deputatga munosabat, muomala yoki u bilan sodir bo‘ladigan voqeaga unga ishongan minglab aholiga nisbatan munosabat sifatida qaralishi kerak. Shuning uchun ham deputatlarga daxlsizlik huquqi beriladi. U odamlarning manfaati yo‘lida kimlargadir yoqmaydigan xatti-harakatlar qilishi mumkin. Ularga shu sabab daxlsizlik huquqi berilgan. Namangandagi voqeada shuni ko‘rdikki, deputatning daxlsizligi, qonunlarda yozib qo‘yilgan kafolatlari amalda hech narsa bo‘lmay qoldi. Menda e’tiroz uyg‘otgan narsa, uning aynan deputat bo‘lgani emas, odamlarga bo‘lgan munosabatda. Agar deputat bilan shunaqa munosabat bo‘layotgan bo‘lsa, unga nisbatan biryoqlama qarash bo‘layotgan bo‘lsa, fuqarolar qanday ahvolga tushyapti ekan, degan savol tug‘ildi. Qonunda yozilgan kafolatlarni deputatning o‘zi ishlata olmasa, qolganlar nima qiladi? Shundan kelib chiqib menda shubhalar paydo bo‘ldi va biryoqlamalik juda sezildiki, oqibatda bizning shubhalarimiz va xolislikka nisbatan bildirgan e’tirozlarimiz o‘zining tasdig‘ini topyapti”.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan videoxabarda nafaqat Muhammadiyev masalasiga, balki bugungacha IIV faoliyatini tanqidga olgan barcha deputatlarga kinoyali javob qaytariladi. Lavha “bosar-tusarini bilmagan deputat” nomi bilan e’lon qilingan. Bugungacha ushbu lavha YouTube tarmog‘ida qariyb 25 ming marta tomosha qilingan. Kusherboyevning e’tirozi ham aynan lavha nomiga bo‘lyapti. 

“Deputat haqiqatan ham bosar-tusarini bilmay qolgan bo‘lsa ham davlat organining rasmiy Axborot xizmati “bosar-tusarini bilmay qolgan” degan fon bilan bermaydi. Bu davlat organi, jurnalist emas. U ijodkormaski, hissiyotga berilsa. Rasmiy organ rasmiy axborot berishi kerak, bo‘ldi. Boshidan oxirigacha hissiyot, o‘zini boshqara olmaslik. Menga deputatlarning ta’zirini berib qo‘yishdek ko‘rindi. Qolaversa, aybsizlik prezumpsiyasi degan narsa bor. Aybi to‘liq isbotlanishi kerak. U yerda men pogonimni yulib oldi degan gap ishlatildi. Menda shubha paydo bo‘ldiki, 10-12 kishining yonida xodimning pogonini qanday qilib yulib olish mumkin. Bu ma’lumotlar hozir o‘rganilyapti, lekin bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, voqea aslida bunday bo‘lmagan”, deydi Rasul Kusherboyev.

Lavhada deputatni Milliy gvardiya va Ichki ishlar organlari xodimlari qo‘lini qayirgan holatda, kuch ishlatib avtobusga olib chiqatganini ko‘rish mumkin. Kusherboyev ushbu lavhalarga ham qat’iy e’tiroz bildirib, aybi sud tomonidan isbotlanmagan shaxsga nisbatan bunday munosabatni qoralaydi. 

“Daxlsizlik degan masala bor. Xohlaymizmi yo yo‘q, deputatning daxlsizligi boshqa fuqarolarga qaraganda kuchliroq, bu qonunda ham belgilangan. Lekin, o‘sha jarayonda hali unga nisbatan ish qo‘zg‘atilmasdan turib, qo‘lini qayirib, avtobusga tortib ketish holatlari juda xunuk ko‘rindi. Bu yerda o‘ziga berilgan vakolatdan, imkoniyatlardan to‘g‘ri yo‘lda foydalanishi kerak bo‘lgan jihatlarda zo‘ravonlikdan foydalanilgan. Men Ichki ishlar tizimida juda ko‘p insofli, diyonatli, halol mehnat qiladigan juda ko‘p odamlarni bilaman. Haqiqatda xalqning roziligini olish yo‘lida xizmat qiladiganlari juda ko‘p. Ularni qattiq hurmat qilaman. Bunday holatlar esa ba’zan tizimga nisbatan ham salbiy fikr uyg‘otadi. Shuning uchun xolislik nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, mas’ul idoralar baribir fuqarolar bilan u kim bo‘lishidan qat’i nazar muomalada, munosabat o‘rnatishda birinchi navbatda namuna bo‘lishi kerak”, deydi deputat Kusherboyev. 

Ushbu intervyuni to‘liq yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

148

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing