16 fevral voqealariga 20 yil to‘ldi
Jamiyat
−
16 fevral 2019
43037O‘rta avlod vakillari 1999 yilning 16 fevralini yaxshi eslaydi. Toshkent osmoni qora tutunlar bilan to‘lgan o‘sha mudhish kunda mamlakatdagi eng yirik qo‘poruvchilik harakatlari amalga oshirilgan edi. O‘zbekistonning tashqi va ichki siyosatida, xavfsizlik xizmatidan tortib, eng kichik idoralar faoliyatida ham tub burilish yasagan ushbu hodisa nafaqat mamlakatning konstitutsiyaviy hokimiyatini ag‘darishga harakat, balki shaxsan Birinchi Prezident Islom Karimovga qaratilgan suiqasd edi. Bugun o‘sha mudhish kunga 20 yil to‘ldi
Ilk portlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosida sodir etildi. O‘sha kuni Hukumatning 1998 yildagi faoliyati hisobotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tishi va unda davlat rahbari Karimov ishtirok etishi rejalashtirilgandi.
O‘sha vaqtda Prezident matbuot kotibi va Oliy Majlis deputati bo‘lgan Azamat Ziyo bu voqealarni shunday eslaydi:
“O‘sha kuni taxminan 9:45 larda avtomatdan otilgan o‘q ovozini eshitib qoldik. Keyin men prezident soqchilarining biridan prezident kelgan, kelmaganini so‘radim. Soqchi prezident deyarli kelib bo‘lganini aytdi. Men pastga qarab yugurdim. Shunda 3-qavatlarga yetganimda judayam kuchli portlash sodir bo‘ldi”.
Bu portlashlardan keyin xavfsizlikni saqlash idoralari, ichki ishlar va o‘t o‘chirish xizmatlari voqea joylariga yetib kelishdi va o‘z burchlarini ado etishga kirishdi.
O‘zbekiston tarixiga yozilgan o‘sha qonli kunda begunoh insonlar halok bo‘ldi, yuzlab insonlar yaralandi.
Voqea haqidagi xotiralarini davom ettirarkan Azamat Ziyo shunday deydi:
“Prezident orqaga qaytib ketdi deganlaridan keyin men Prezident Devoniga qarab ketdim. Eng qizig‘i, prezident kabinetidagi xonalar hammasi zirhlangan oynalar edi. Ular taram-taram bo‘lib ketgandi. O‘sha ahvolni ko‘rgandan keyin men Islom akaga boshqa xavfsizroq joyga o‘tasizmi, balki, desam u kishi sen bu gapni bir marta menga gapirding, boshqa gapirmagin dedilar.
Bu nafaqat menga qaratilgan, balki eng avvalo, xalqimizga, davlatimizga va mustaqilligimizga qarshi qaratilgan xurujdir, dedi. U kishi har qanday sharoitda, nima bo‘lmasin o‘z hayot prinsiplaridan voz kechmasligini aytib, voqea joylariga ketdi”.
Hali terrorchilik harakatlari davom etayotgan, xavf yaqin kelib turgan paytda prezident voqea joylariga borib, vaziyat va u yerdagilarning ahvoli bilan tanishdi. So‘ngra quyidagi intervyuni berdi:
“Mana shu binoda shakastlangan, kerak bo‘lsa yarador bo‘lganlar bilan gaplashib bularning oldini olish kerak. Xalqimizga, aholimizga mana shu yerdan turib murojaat qilmoqchiman, vahima bo‘lmasin.
Agar menga yordam bermoqchi bo‘lsangiz, vahima bo‘lmasin. Kuchimiz yetadi. Bularning hammasini, aytaylik, joy-joyiga qo‘yish, kerak bo‘lsa, bu muttahamlarni nafaqat joyiga qo‘yish, qo‘lini kesib tashlashga ham qurbimiz yetadi, kuchimiz yetadi. Xalqimiz shuni bilsin”.
Azamat Ziyo so‘zini davom ettirib, prezident Islom Karimovning shijoati, jasorati va mardligi haqida gapirdi:
“O‘sha kuni Vazirlar Mahkamasining yillik majlisi bo‘lishi kerak edi. Shu majlis baribir bo‘ldi. Soat 13:00 da Oliy Majlis binosida bo‘ldi”.
Bu qo‘poruvchilik harakati, avvalo, mamlakatdagi xavfsizlikni buzish, yoshlar ongiga diniy aqidalarni singdirish, tinch aholining hayotiga rahna solishga qaratilgan terrorchilik xuruji edi.
Shu kuni poytaxt Toshkentning turli hududlarida, jumladan Mustaqillik maydoni, Ichki ishlar vazirligi va Milliy bank binolari yonida 6 ta kuchli portlashlar yuz bergan. Ularda 16 nafar kishi qurbon bo‘lgan, 100 dan ortiq odam jarohatlangan.
LiveBarchasi