14 yoshli o‘smir qotillik uchun 40 yilga qamalishi mumkin
Olam
−
03 avgust 7156 2 daqiqa
Malayziyada 14 yoshli o‘smir 16 yoshli maktabdosh qizni o‘ldirishda ayblanmoqda. Unga nisbatan sud jarayoni boshlangan bo‘lib, aybdor deb topilsa, 40 yilgacha qamalishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2025 yilning oktyabr oyida Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur chekkasidagi maktablardan birida sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 16 yoshli Yap Shing Xuen ismli qiz maktab hojatxonasida bir necha marta pichoqlangan holda topilgan va vafot etgan. Mazkur jinoyatda gumon qilinayotgan o‘smir o‘sha paytda 14 yoshda bo‘lgan. U sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmagan.
Malayziya qonunchiligiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsning shaxsi oshkor qilinmaydi. Agar u aybdor deb topilsa, o‘lim jazosiga hukm qilinmaydi, biroq 30-40 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi va kaltaklash jazosi qo‘llanilishi mumkin.
Politsiya avvalroq jinoyatga ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim zararli ta’sirlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Shuningdek, gumondor qo‘lga olingan paytda undan yozuv topilgani aytilgan. Ushbu yozuv mazmuni haqidagi xabarlar jamiyatda katta bahslarni keltirib chiqargan. Hozirda ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.
Mazkur holat Malayziyada o‘smirlar orasidagi zo‘ravonlik, internetdagi zararli g‘oyalar va ayrim yoshlar orasida tarqalayotgan nafratli qarashlar ta’siri haqidagi muhokamalarni kuchaytirdi. Mamlakat hukumati bolalarni zararli onlayn kontentlardan himoya qilish choralarini kuchaytirishini bildirgan.
Xususan, iyun oyidan boshlab 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yirik ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni cheklovchi yangi qoidalar joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning shimoliy qismidagi Akri shtatida 13 yoshli o‘quvchi maktabda sodir etgan otishma oqibatida ikki ayol halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi