14 yoshli qizni jinsiy qullikda saqlashda gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi
3-sahifa
−
27 noyabr 2023
8785Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida 14 yoshli qiz yetti oy davomida jinsiy qullikda saqlangani haqida xabar bergan edik. Qizni jinsiy qullikda saqlagan ayol qamoqqa olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumani prokuraturasi tomonidan fuqaro N.A.ga (ayol) nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 25 noyabr kuni fuqaro N.A. gumon qilinuvchi tariqasida tergovga jalb qilinib, unga nisbatan Kitob tumani sudining 26 noyabrdagi ajrimi bilan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Mazkur ish yuzasidan Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan Ch.T.ning qonuniy manfaatlari ta’minlanishi ustidan parlament nazoratini davom ettiradi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatga munosabat bildirib, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan psixolog va pedagoglardan iborat ishchi guruh tomonidan voyaga yetmagan Ch.T.ning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash ishlari ketayotganini ma’lum qilgandi.