14 yashar bola ham koronavirus qurboni bo‘ldi – Habibulla Oqilov
Jamiyat
−
08 iyul 2020
31567O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar 42 nafarga yetdi. Mamlakatda ushbu kasallikdan vafot etganlarning 13 foizini 40 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda. Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi vakili, Toshkent shifokorlar malakasini oshirish instituti rektori, professor Xabibulla Oqilov “O‘zbekiston-24” telekanalida bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Afsuski, vafot etganlar orasida 14 yoshli bola (20 yoshgacha bo‘lganlar — 3 foiz) ham bor. Odamlar buni juda jiddiy qabul qilishlari kerak va ulardan deyarli hech narsa talab qilinmaydi: asosan oddiy gigiyena qoidalariga, o‘z-o‘zini saqlashning birlamchi qoidalariga rioya qilish”, deydi Oqilov.
O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. 16 martdan karantin cheklovlari joriy etildi va may oyiga kelib ular asta-sekin yengillashtirildi. Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qaroriga muvofiq mamlakatdan 10 iyuldan 1 avgustgacha kuchaytirilgan karantin choralari amal qiladi. Oramizda esa bu kasallikka hamon ishonmayotganlar talaygina. Oqilov buni quyidagicha izohlaydi:
“Afsuski, hamma ham tushunmayapti. Bizda ochiqchasiga: “umuman olganda, koronavirus degan narsa bormi? Masalan, ko‘rmaganman. Mening na bir do‘stim, na bir qarindoshim kasal bo‘lmagan. Men har kuni ko‘chada bo‘laman va menda hech narsa yo‘q” deydigan odamlar bor. Biz shifokorlarning vazifasi — vaziyatning jiddiyligini tushuntirishdir: koronavirus mavjud, uni juda jiddiy qabul qilish kerak, chunki biz rivojlangan mamlakatlarda vaziyatning jiddiyligini anglamaslik nimalarga olib kelayotganini ko‘rayapmiz”.
Professor aholi niqobni iyaklariga tushurib yurayotganini yoki umuman taqmayotganini, ko‘chalarda guruh bo‘lib yig‘ilayotganini ta’kidladi:
“Odamlar ba’zi oilaviy bayramlar, to‘ylarni nishonlashda davom etishmoqda, agar dafn marosimi bo‘lsa, odamlar marhumning qarindoshlari bilan uchrashishni, ta’ziya izhor qilish uchun u yerga jamoa bo‘lib yig‘ilib borishni shart deb hisoblashadi. Biz barchaga o‘zini himoya qilish instinkti — bugungi kunda eng muhim masala bo‘lishi kerakligini tushuntirayapmiz, biz o‘zimizni, ota-onamiz, bolalarimiz va nabiralarimiz haqida o‘ylashimiz kerak”, deydi Habibulla Oqilov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 10 982 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 6 888 nafari sog‘aygan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr