11 yil Marsni o‘rgangan zond butunlay ishdan chiqdi

Bu qiziq

image

NASA Mars orbitasida o‘n yildan ortiq vaqt davomida ishlagan MAVEN zondi ishdan chiqqanini rasman tan oldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.  

Agentlik missiya yakunlanganini bugun, 3 iyun kuni tasdiqlagan. Zond o‘tgan yilning dekabr oyi boshida, navbatdagi rejali aylanish paytida Mars ortiga yashiringan vaqtda aloqaga chiqmay qolgan. MAVEN (Mars Atmosphere and Volatile EvolutioN) – sayyora atmosferasining yuqori qatlamlarini va uning quyosh shamoli bilan o‘zaro ta’sirini o‘rganish uchun maxsus yaratilgan birinchi Mars orbital apparatidir. 2013 yilning noyabr oyida uchirilgan apparat 2014 yilning sentyabrida Mars orbitasiga chiqqan. Missiyaning asosiy vazifasi Mars milliardlab yillar davomida o‘z atmosferasini qanday yo‘qotganini aniqlashdan iborat edi.

Apparat bilan aloqa 2025 yil 6 dekabrda uzilgan. Yer usti stansiyalari tomonidan qayd etilgan telemetriya parchasi shuni ko‘rsatdiki, zond Mars ortidan avariya holatida va o‘z o‘qi atrofida g‘ayrioddiy yuqori tezlikda aylangan holda chiqqan. NASA maxsus komissiyasining xulosasiga ko‘ra, ushbu aylanish tufayli bort batareyalari to‘liq quvvatsizlangan va aloqa tizimi elektr manbasidan uzilgan. Oqibatda apparat qayta tiklab bo‘lmaydigan holatga kelgan.

Ish faoliyati davomida MAVEN nafaqat Mars atmosferasini tadqiq qilgan, balki Yer va Curiosity hamda Perseverance marsoxodlari o‘rtasida aloqa uzatuvchisi bo‘lib ham xizmat qilgan.

Missiyaning muhim ilmiy natijalari qatoriga quyidagilar kiradi:

  • Mars o‘z boshlang‘ich atmosferasining katta qismini yo‘qotgani haqidagi ma’lumotlar;
  • Qutb yog‘dusining yangi turlarining kashf etilishi;
  • Quyosh shamoli sayyoraning atmosfera qobig‘ini yemirishda davom etayotganini kuzatish.

MAVEN uchirilganining o‘n yilligini nishonlash paytida Boulderdagi Kolorado universitetidan missiya rahbari Shennon Karri zond ko‘plab “hayratlanarli kashfiyotlar”ni amalga oshirganini va Mars atmosferasi haqidagi tushunchani haqiqatan ham chuqurlashtirganini qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq NASA’ning Psyche kosmik apparati Marsning kamdan kam uchraydigan rakursdagi suratlarini olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Mars MAVEN zond

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing