100 yoshdan oshganda turmush qurgan juftlik Ginnesga kirishi mumkin
Bu qiziq
−
23 may
6447Amerikalik nuroniy juftlik 100 yoshida turmush qurgan holda Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi kutilmoqda. Bu haqda “Fox News” telekanali xabar berdi.
Filadelfiyada yashovchi 100 yoshli Berni Littman va 102 yoshli Marjori Fiterman Ginnesning rekordlar kitobiga 100 yoshdan oshganda turmush qurgan juftlik sifatida kirish uchun ariza bergan. Ularning nikoh marosimi qariyalar uyida bo‘lib o‘tgan.
Littmanning nabirasi Sara Zicherman bobosining kasbi musiqachi bo‘lganini aytadi. Uning avvalgi nikohi 65 yil davom etgan. Rafiqasi vafotidan so‘ng bobosi qariyalar uyiga joylashgan va u yerda Fiterman bilan tanishgan. Fiterman ham 60 yil birga yashagan turmush o‘rtog‘idan ayrilgan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Berni Littman va Marjori Fiterman bir vaqtlar bitta universitetda o‘qigan, ammo o‘sha paytda bir-birini tanimagan.
Aytishlaricha, ushbu juftlik o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar to‘qqiz yil oldin boshlangan.
“Bobom uylanmoqchi ekanini aytganida bizni juda hayratda qoldirdi. Ular rasman nikohdan o‘tadi, deb o‘ylamagandik. Lekin bobom shu fikrda turib oldi va ular turmush qurishdi”, deya qo‘shimcha qildi ayol.
LiveBarchasi