100 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Kogon prokuroriga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
07 avgust
32080Joriy yilning fevral oyida Buxoro viloyati Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov katta miqdorda pora bilan qo‘lga olingandi. Uning ishi 2 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilib, sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Bildirilishicha, prokuror firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritish maqsadida joriy yilning yanvar oyi boshlarida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan MCHJ ekspeditori N.N. va xavfli retsidivist Z.A. bilan jinoiy til biriktirib, mansab mavqeidan foydalangan holda Buxoro viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyat ta’sischilaridan biri M.I.ning ishonchiga kirib, jinoyat ishi doirasida unga nisbatan ayblov e’lon qilmaslik va jinoiy javobgarlik masalasini hal etmaslik masalasini Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali hal etishi mumkinligini aytib, 100 ming AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan.
Shundan so‘ng Bahodir G‘ulomov 15 yanvar kuni Buxoro shahrida joylashgan “Turon” mehmonxonasi oldida 100 ming AQSH dollarini jinoiy sherigi N.N., shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, “Kogon yog‘ – ekstraksiya zavodi” AJga aloqador shaxslarni Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga takroran 100 ming AQSH dollari miqdorida pora berishga dalolat qilgan hamda firibgarlik yo‘li bilan 44 ming AQSH dollarini qo‘lga kiritgan. Shundan 10 ming AQSH dollarini Z.A. olib, qolgan 34 ming AQSH dollarini N.N. kelgusida Bahodir G‘ulomovga berish uchun o‘zida saqlab kelgan.
2024 yil 13 fevral kuni Buxoro shahar markaziy shifoxonasi yonida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bahodir G‘ulomov N.N. orqali 56 ming AQSH dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida sudlanuvchi N.No‘monovning Cobalt mashinasidan “Kogon yog‘ - ekstraksiya zavodi” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatga aloqador to‘rt nafar shaxslarni tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga so‘ralgan 100 ming AQSH dollari hisobidan 34 ming AQSH dollari mavjudligi aniqlanib, tegishli tartibda bayonnoma asosida olib qo‘yilgan.
Sud majlisida sobiq prokuror aybiga iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini, davlat rahbaridan kechirim so‘rashini aytib, suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan Bahodir G‘ulomov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda pora berishda ishtirokchilik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, sud hukmi bilan N.N. 11 yil, xavfli retsidivist hisoblangan Z.A. 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonobod shahrida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari yuzasidan o‘tkazayotgan yig‘ilishda Kogon prokurorining qo‘lga olinishi bo‘yicha ba’zi tafsilotlarni ochiqlagandi.