1 sentyabrdan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
29 avgust 11516 3 daqiqa
O‘zbekistonda 2025 yil 1 sentyabrdan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatini bir yerga jamladi.
Maktab va bog‘cha direktorlarining maoshi oshiriladi
Sobiq maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova joriy yilning mart oyida Prezidentning tegishli farmoni bilan maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorlari ish haqi miqdorlari oshirilishini ma’lum qilgandi.
- 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkasi 15 foizga oshirilib, bog‘chalarimiz direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi. Respublikadagi 10 mingdan ortiq maktab direktorlari, 7 mingga yaqin bog‘cha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor o‘rinbosarlarining ish haqi miqdorlari oshiriladi.
- 2026 yil 1 yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) natijasiga ko‘ra bazaviy tarif stavkalariga nisbatan tegishlicha 20 va 10 foiz miqdorida har oylik ustamalar belgilanadi.
Shuningdek, tuman bo‘limlarida qo‘shimcha shtatlar ajratilmoqda va bu o‘quvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, o‘quvchilarga xorijiy til va kasbga o‘rgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlarni joriy etish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, hududiy bo‘linmalar xodimlaringning ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish joriy etilmoqda (Vazirlik tizimidagi qariyb 15 ming nafar boshqaruv xodimlariga ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi).
Shu bilan birga, maktab xodimlari mukofot puli miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha (amalda 50 foizgacha) miqdorida etib belgilanmoqda.
Davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi yaratiladi
Joriy yil 1 sentyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasida o‘zaro muloqotni kuchaytirish bo‘yicha quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutuvchi “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi:
- masofaviy tarzda davlat xizmatchilarining kompetensiyalarini rivojlantirish va malakasini oshirish hamda bu borada statistik ma’lumotlarni shakllantirish;
- davlat xizmatchilari tomonidan davlat organi ish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashabbuslar berish hamda rahbar tomonidan ularga munosabat bildirish;
- davlat xizmatchisining shaxsiy rivojlanish rejasini tuzish, uning bajarilishini monitoring qilish;
- xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar, rahbar xodimlar uchun ular tomonidan muvofiqlashtiriladigan soha va bo‘linmalar, bog‘lanish uchun telefon raqami, pochtasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi axborotlarni nazarda tutuvchi ma’lumotlar bazasini yaratish.
Ayrim talabalarning TTJdagi yashash xarajatlari qoplab beriladi
2025/2026 o‘quv yilidan kambag‘al oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turarjoylaridagi yashash xarajatlari Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bu haqda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.
O‘zbekistonliklar Iordaniyaga vizasiz bora oladi
O‘zbekiston fuqarolari joriy yilning 25 sentyabridan boshlab Iordaniyaga vizasiz borishi mumkin bo‘ladi. Buni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov tasdiqladi.
Uning aniqlik kiritishicha, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etish to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan 30 kun o‘tib, ya’ni 25 sentyabrdan kuchga kiradi. O‘zbekistonliklar Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolishi mumkin bo‘ladi.
Ma’lumki, 26 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning Samarqandda bo‘lib o‘tgan muzokaralari natijasida tomonlar o‘zaro ravishda kirish vizasi talabidan ozod qilish to‘g‘risida kelishuvga erishgan.
Live
Barchasi