1 oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
28 Sentabr
11423O‘zbekistonda 2024 yilning 1 oktyabrdan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatini bir yerga jamladi.
Ish haqi, eng kam ish haqi va BHM oshiriladi
Byudjet tashkilotlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlari, shuningdek maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari va tashkilotlari, "Muruvvat" internat uylari, Bolalar uylari va "Mehribonlik" uylari, bolalar sanatoriyalarida ishlaydigan pedagog xodimlarning ish haqi miqdori 15 foizga oshiriladi.
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori, tibbiyot va pedagog xodimlardan tashqari, 10 foizga oshiriladi. Eng kam ish haqi miqdori – oyiga 1 155 000 so‘m, BHM – 375 000 so‘m etib belgilanmoqda.
Modulli mehmonxonalarga subsidiyalar
2026 yil 31 dekabrga qadar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash (rekonstruksiya qilish bundan mustasno) xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan bir martalik subsidiya ajratiladi.
Subsidiyalar 2024 yil oktyabrdan 2026 yil 1 noyabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikatiga ega yangi tashkil etilgan modulli mehmonxonaga beriladi. To‘lovlarni olish uchun mehmonxonada kamida 10 ta modul bo‘lishi kerak.
Ovchilik guvohnomasini olish uchun yangi qoidalar
- Ovchilik guvohnomasini olishga nomzodlar maxsus kurslarda o‘qitiladi;
- Ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, o‘quv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan jismoniy shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2 yil muddatga beriladi;
- Guvohnomani rasmiylashtirganlik uchun to‘lov bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida, nafaqadagi va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun BHMning bir baravari miqdorida belgilanadi.
Turoperatorlar va mehmonxonalarga QQSning bir qismi qaytariladi
Turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga har oyning 25-sanasiga qadar to‘langan QQSning 20 foizi qaytariladi.
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida to‘lanadigan quyidagi soliq turlari bo‘yicha belgilangan soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
Zargarlik sohasiga imtiyozlar
2027 yil 1 oktyabrgacha:
- Zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligaturani import qilishda maxsus tovarlarni import qilish uchun litsenziya olish talabi bekor qilinadi;
- O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan va zargarlik sanoatida foydalaniladigan ligatura bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi;
- O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va zargarlik sohasida foydalaniladigan, ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan uskunalar, qadoqlash va etiketka mahsulotlari bojxona boji to‘lashdan ozod qilinadi;
- "Uzbek Jewellery Fair" xalqaro ko‘rgazma-savdosi doirasida O‘zbekiston norezidentlari tomonidan respublika hududiga vaqtincha olib kiriladigan va keyinchalik qaytarib olib chiqiladigan zargarlik buyumlariga nisbatan bojxona yig‘imlari bekor qilinadi.
Nogironligi bor shaxslar uchun sharoitlar yaxshilanadi
Rekonstruksiya qilinadigan va ta’mirlanadigan ob’ektlarning shaharsozlik hujjatlari loyihalarining texnik qismi shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish bo‘yicha talablarga muvofiqligi yuzasidan majburiy ekspertizaga yuboriladi.
Shahar yo‘lovchi transporti xizmatlari I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularning bir nafar kuzatuvchisiga bepul taqdim etiladi.
Ixtisoslashtirilgan (ruhiy, ftiziatriya va pulmonologiya, pediatriya) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalar (TIEK) tomonidan nogironlikni belgilash bekor qilinadi. Bu funksiya tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlariga o‘tkaziladi.
Uy parrandasi go‘shtini olib kirishga imtiyozlar bekor qilinadi
Yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona boji bo‘yicha imtiyoz berilgan edi.
Alkogol mahsulotlari ustidan yangi nazorat choralari o‘rnatiladi
Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishda qo‘shimcha litsenziya talablari joriy etiladi.
Yashirin ishlab chiqarish, aksiz markasiz, raqamli markirovkasiz yoki sifatsiz alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarish holatlari aniqlanganda ishlab chiqarish uskunalari davlat foydasiga o‘tkaziladi.
Qalbaki aksiz markali, aksiz markasiz, raqamli identifikatsiya vositasi bilan markirovkalanmagan, qalbaki markirovka kodlari bilan markirovkalangan alkogol va tamaki mahsulotlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan muomaladan olinadi va ushbu mahsulotlar bilan savdo qilish huquqini beruvchi litsenziya (ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat) belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Qurilishi tugallangan ob’ektlar elektron platforma orqali qabul qilinadi
Qurilishi tugallangan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
Sport tovarlarini bojlardan ozod etish muddati yakunlanadi
Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha federatsiya (assotsiatsiya)lar tomonidan belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan sport ashyolari 2024 yil 1 oktyabrga qadar bojxona bojidan ozod etilgan edi.
Ayollar muammolarini o‘rganish uchun yangi modul
“Xotin-qizlar.uz” platformasi doirasida Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish moduli ishga tushiriladi.
Yer qa’ridan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi
Jismoniy shaxslar tomonidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi maxsus axborot tizimiga yuborilgan yer qa’ridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ularni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Vazirlikning rasmiy veb-saytida “Kon-geologiya xizmatlari” moduli joriy etiladi va unda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida faoliyat yurituvchi yuridik va jismoniy shaxslarning reytingi yuritiladi.