Superliga qoidalariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin
Sport
−
20 noyabr 1469 2 daqiqa
O‘zbekiston professional futbol ligasi (O‘zPFL) futbol o‘yin qoidalariga kiritilishi rejalashtirilayotgan bir qator o‘zgarishlarni Superligada joriy etish bo‘yicha ish olib bormoqda. O‘zPFL “Superliga reglamenti”ning 14 va 15-boblariga bir nechta takliflar kiritildi va klublar bu o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatladi. Endi 2026 yildan boshlab Superligada bir qator yangi qoidalar joriy etilishi kutilmoqda.
2026 yildan boshlab Superligada quyidagi yangi qoidalar joriy etilishi mumkin:
- bosh miya chayqalishi oqibatida futbolchi uchrashuvni davom ettira olmasligi masalasi tez tibbiy yordam shifokori hamda klub shifokori tomonidan tasdiqlansa, futbolchi almashtirish uchun imkoniyati qolmagan bo‘lishi shartida har ikki klubga qo‘shimcha bir nafardan futbolchini almashtirish imkoniyati taqdim etilishi;
- uchrashuv hakami bilan faqatgina jamoa sardori suhbat olib borishi mumkinligi masalasini qat’iylashtirish;
- hakamning stop qo‘l ishorasidan keyin ham tinchlanishni istamagan futbolchiga har qanday qo‘shimcha so‘zlar uchun ogohlantirish ko‘rsatilishi;
- futbolchining maydonda vaqt cho‘zish uchun yotib olishi oqibatida uchrashuv to‘xtatilsa, mazkur futbolchi har qanday holatda ham maydonni kamida 1 daqiqaga tark etishi va bu kabi holatda zambil tashuvchilar ham ovora qilingan bo‘lsa, futbolchi maydon tashqarisida kamida 3 daqiqa qolishi shartligi;
- futbolchilarni almashtirayotgan vaqtda zaxira tablosi ko‘tarilgan soniyadan boshlab futbolchi maydonni 15 soniya ichida tark etishi va mazkur soniyalar ko‘payib ketgan taqdirda, maydonga yangi qo‘shilayotgan futbolchi 1 daqiqa davomida maydonga tushirilmasligi;
- darvozabon to‘pni 8 soniya davomida qo‘lida ushlab tursa hamda to‘pni o‘yinga erkin zarba bilan kiritish jarayoni 8 soniyadan oshib ketsa, raqib foydasiga burchak zarbasi belgilash qoidasini qat’iylashtirish;
- to‘pni autdan o‘yinga kiritayotgan futbolchi mazkur vazifa uchun 8 soniyadan ko‘proq vaqt sarflasa, aut raqib foydasiga olib berilishi.
Ma’lumot uchun, mazkur o‘zgarishlarning bir qismi MLS’da allaqachon sinovdan o‘tgan va amaliyotda qo‘llanilmoqda. Agar loyiha amalga oshsa, O‘zPFL ushbu o‘zgarishlarni fevral oyiga qadar joriy etishni rejalashtirmoqda.